IIV Malaka oshirish institutida ichki ishlar organlarining ofiser va serjant lavozimlariga toʻgʻridan-toʻgʻri tanlov asosida qabul qilingan xodimlar uchun maxsus kasbiy tayyorgarlik kursi yakunlanib, tantanali ravishda bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi.
Uch oy mobaynida Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hamda Huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan tinglovchilar maxsus boshlangʻich oʻquv tayyorgarligidan oʻtkazildi.
Vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari asosida tashkil etilgan mazkur oʻquv kursi IIV Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat anʼanaviy usullarda, balki zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari hamda interfaol usullardan foydalangan holda olib borildi.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqan taʼlim muassasasi boshligʻi, polkovnik Olimjon Axmedov va boshqalar Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi hamda «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili»da amalga oshirilishi rejalashtirilgan davlat dasturida adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash hamda mamlakatimiz xavfsizligini kuchaytirish borasida ichki ishlar organlari oldiga ham bir qator muhim vazifalar qoʻyilganligini taʼkidladi.
– Oʻylaymanki, bu yerda oʻrganganlarimiz kelgusi xizmat faoliyatimizni toʻgʻri tashkil etishda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi, – deydi Shayxontohur tumani IIOFMB profilaktika inspektori, leytenant Azizbek Axmedov. – Ayniqsa, yurtboshimizning «Inson taqdirini hal etishda xodimning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida esa poklik ustuvor boʻlishi shart» degan purmaʼno soʻzlarini doimo yodimda saqlayman.
Tadbirda oʻquv dasturi talablarini toʻliq oʻzlashtirgan, yakuniy sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan yosh xodimlarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Shu bilan birga, kasbiy bilimlarini oshirish, amaliy koʻnikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini kengaytirishda yuqori koʻrsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
Podpolkovnik Sherali ANVAROV olgan suratlar.
