Uchtepa tumanida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Jahon tillari universitetida Toshkent shahar IIBB boshligʻi, general-mayor Aziz Toshpoʻlatov boshchiligida tegishli idora masʼullari ishtirokida jinoyat muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda joriy yilning 10 iyunʼ kuni Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi, S.S. shu maktabning «Informatika» fani oʻqituvchisi, S.B.ni urib, tan jarohati yetkazganligi holati muhokama qilindi.
Muhokama davomida voyaga yetmagan huquqbuzar va uning ota-onasi barcha ustoz va murabbiylardan uzr soʻrab, bu kabi holat boshqa qaytarilmasligini aytib oʻtishdi. 62-sonli maktab direktori X.Maxkamova, bolalarning sinf rahbari va 20 nafar oʻqituvchilarning sodir etilgan holat yuzasidan fikr va mulohazalari tinglanib, qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida masʼul rahbarlarga aniq vazifa hamda topshiriqlar berildi.
Bu kabi noxush holatlarni oldini olish maqsadida, barcha tuman IIOFMB boshliqlari, hududiy xalq taʼlim boʻlimlari va tegishli mutasaddi idora rahbarlari bilan hamkorlikda, poytaxt hududidagi 418 ta maktabning oʻquvchi va oʻqituvchilari oʻrtasida tanqidiy muhokama yigʻilishlari oʻtkazilishi rejalashtirildi.
Kelgusida yuqoridagi kabi salbiy holatlar aniqlangan taqdirda, oʻrnatilgan tartibda qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida mutasaddi idora va tashkilotlarga topshiriqlar berildi.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
