Sahargi uyqu shirin boʻladi, deyishadi. Ammo ichki ishlar organlari xodimlari bunday uyquni faqat tushida koʻradi. Koʻrganda ham, ulay-bulay emas, haftalab miriqib uxlaganday his qilishadi. Soʻng yana xizmatga...

Kapitan Avazov ham hozirgina shirin uyqudan uygʻonganday bir kerilib, tamshanib qoʻydi. Aslida u tunni poyloqchilik bilan oʻtkazdi. Gʻani otaning taxminini tekshirib koʻrish va anchadan beri hududida qidiruv eʼlon qilingan shaxs tufayli rahbariyat oldida «tili qisiq» boʻlib yurganiga chek qoʻyish ishtiyoqi ustun kelib tunni daraxt panasida oʻtkazdi. 

... Kecha oqshom endi uyga ketaman deb, tashqariga chiqqanida mahalla ishida bosh-qosh boʻlib yuradigan Gʻani ota paydo boʻldi-da, uning oromini butkul oʻgʻirladi.

– Yaxshi ishlayapsanmi, bolam? – deya otaxon dangal maqsadga koʻchdi. – Shu desang, mol-holdan xabar olay deb tashqariga chiqqandim. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, oldimdan birov yugurgilab oʻtdi. «Hoy, toʻxta, kimsan?» deyishimga ham parvo qilmadi. 

– Mol-holingiz joyida ekanmi?

– Hammasi joyida. Faqat loʻkillab yugurishidan uni bir kishiga oʻxshatdim.

– Kimga oʻxshatdingiz, biror tanishingizgami?

– Qoʻshnim Sanoqulupga, haligi qandaydir jinoyat qilib qochib ketgan deganding-ku, oʻsha.

– Rostdanmi? – kapitan hushyor tortib otaxonga yaqinlashdi. – Adashmadingizmi? 

– Oʻxshaydi, – dedi otaxon va ikkilanib, – yana bilmasam...

Profilaktika inspektori Gʻani otani kuzatib qoʻygach, chuqur oʻyga choʻmdi. Nahotki, ikki yil oldin korxona texnikalarini sotib, choʻntagini qappaytirib, tergov va suddan qochib yurgan Sanoqulov uyiga qayt­gan boʻlsa? Uni qoʻlga olsa, ikki karra yaxshi boʻladi. Ham taʼtilga chiqib miriqib dam oladi, ham hududidagi ana shu kemtiklikdan qutuladi. Shunday oʻy-xayollar bilan yarim kechasi Sanoqulovning hovlisiga bordi. 

Hamma yoq suv quygandek jim-jit. Chiroqlar oʻchirilgan, barcha shirin uyquda. Kapitan Avazov uyni kuzatib, biror shubhali narsani payqamadi. Shunday boʻlsa-da, umidini uzmadi. Panaga oʻtib, poyloqchilik qila boshladi. Vaqt esa chiq-chiqlab sekin oʻtardi... Oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmaydi. Tun ham pardasini yigʻishtirib, oʻrnini tongga boʻshatishga chogʻlangan bir payt uy eshigi ohista ochildi. Profilaktika inspektori hushyor tortdi. Uydan bir erkak chiqib, bogʻ tarafga yurdi. Kapitan sinchiklab qarab, u aynan qidiruvdagi kishiga oʻxshashligini payqadi. 

Shu lahzada qoʻshimcha yordam chaqirishga vaqt yoʻq. Bu orada qidiruvdagi shaxs qochib ketishi mumkin. Kapitan Avazov kuni-kecha malakali sport ustalaridan jismoniy chiniqishini mustahkamlagan edi. Ular oʻrgatgan qoʻl jangi usullarini yana bir karra yodga oldi. Mabodo Sanoqulov unga qarshilik koʻrsatsa, shu usullardan foydalanadi... 

Haligi kishi qaytib kelayotganida kapitan orqasidan bordi. Sanoqulov qochishga chogʻlanmoqchi boʻluvdi, doim vaziyatni toʻgʻri baholab, tayyor holda turadigan inspektor ikki hatlab, uning qarshisida paydo boʻldi. Noiloj, Sanoqulov taqdirga tan berdi...

Mirzo AHAD.