Jizzax viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashabbusi bilan Jizzax shahridagi 5-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabida ota-onalar ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish yuzasidan yigʻilish tashkil etildi. Bunga mazkur taʼlim muassasasining 2 nafar oʻquvchisi tomonidan tan jarohati yetkazish hamda 16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz va buzuq harakatlar qilish jinoyatlari sodir etilgani sabab boʻldi.

Tadbirda Jizzax viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Ismoil Amonov va boshqalar soʻzga chiqib, ushbu qonunbuzarliklarning sabab va omillariga toʻxtaldilar. Shuningdek, bolalar va oʻsmirlarni nazoratsiz qoldirmaslik, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, tarbiyasi ogʻir, oʻzlashtirish darajasi past, dars mashgʻulotlarida sababsiz qatnashmayotgan oʻquvchilar bilan alohida tartibda shugʻullanishga oid vazifalar belgilab olindi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.