Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi Fargʻona viloyatida oʻrganishlar olib bormoqda.
Shu jumladan, vazirlik Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti mutaxassislari viloyatda ichki ishlar organlari xodimlariga amaliy yordam bermoqdalar, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida maʼnaviy-tarbiyaviy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik H. Maxsumov hamda ShXBB masʼul xodimlari ishtirokida viloyat IIB ikkinchi mintaqaviy hudud patrulʼ-post xizmati batalʼonida xodimlar hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Tadbirda ichki ishlar organlari xodimlari oldida turgan muhim vazifalar haqida soʻz borib, ularning xizmat intizomiga rioya etishida ota-onalari va oila aʼzolarining roli katta ekanligi taʼkidlandi. Bu borada ota-onalarning ham fikr-mulohazalari eshitildi.
Tadbir davomida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda oʻzining namunali va sadoqatli xizmati bilan safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Xuddi shunday tadbir Buvayda tumani IIBda ham boʻlib oʻtdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
