Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh Jizzax viloyatida boʻlib, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, qonubuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mutaxassislar tayyorlash, ijtimoiy infratuzilmalar sozligini taʼminlash, kommunal xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrgandi. Chunonchi, Ichki ishlar vaziri Mirzachoʻl tumanidagi 100 kishi mehnat qilayotgan kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Mirzachoʻl agroprom” masʼuliyati cheklangan jamiyati, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor shtabi, Doʻstlik tumanining Sanoatchilar mahallasida barpo etilayotgan mikromarkazda boʻldi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, mazkur markazda 40 milliard soʻm mablagʻ evaziga 152 ta tadbirkorlik loyihasini hayotga tatbiq etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, vazir Doʻstlik tumani IIBda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari hamda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor shtabida ishchi guruh va murojaatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Ishchi guruh Doʻstlik tumandagi 1-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻrgatishga ixtisoslashgan mini monomarkaz, “Paxtakor gold textile” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ip-kalava fabrikasi, oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi binosi, viloyat IIB tarixi muzeyida ham boʻldi.
Bundan tashqari, viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasida oʻquvchilar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, voyaga yetmaganlar bilan oʻz vaqtida manzilli profilaktik tadbirlarni oʻtkazish imkonini beruvchi “E-voyaga yetmagan” dasturi taqdimoti oʻtkazilib, xushyorxonalarga olib kelinganlarning elektron hisobini yuritish borasidagi tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
Xuddi shu tartibda viloyat IIB, hududiy ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari, sohaviy xizmatlarining 2022-yil va joriy yilning oʻtgan davridagi faoliyati oʻrganilib, amaliy yordam koʻrsatish choralari belgilandi. Qolaversa, vazirlikning sohaviy xizmatlari vakillari bilan hamkorlikda tezkor qidiruvlar, reydlar, jinoyatchilikka qarshi targʻibot va saxovat tadbirlari oʻtkazildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
