Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan 1-sonli qaror ijrosini taʼminlash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash mexanizmini mustahkamlash maqsadida joylarda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.

 Toshkent shahar IIBB rahbariyati Olmazor tumanida bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi. Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi taqdim etgan xabar koʻra, ishchi guruh dastlab turizm obyektlarida va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, kuzatuv kameralari va tashvish tugmalari oʻrnatilishi, hududga biriktirilgan xodimlarning ish jarayonlari, mahalliy aholi va turistlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, ishchi guruh aʼzolari tuman hokimi Azizxon Umarxonov bilan birga – barpo etilayotgan Islom sivilizasiyasi markazidagi qurilish jarayonlari va u yerda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi. Mazkur obʼektda turistlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari doimiy faoliyat olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishildi. Hududga kuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlsada, hududni toʻliq qamrab olish maqsadida kameralar sonini koʻpaytirish hamda Bosh boshqarmaning Yagona tezkor boshqaruv markaziga integratsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan “Chustiy” mahallasida Qaror ijrosini taʼminlash borasida profilaktika inspektorining mahalla yettiligi bilan hamkorligi oʻrganildi. Mahallada tajriba tariqasida maslahatchi-murabbiylar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ushbu lavozimda IIOda koʻp yillar xizmat qilib nafaqaga chiqqan faxriylar faoliyat olib boradi. Uchrashuv davomida Bosh boshqarma boshligʻi maslahatchi-murabbiylar bilan samimiy muloqot qilib, ularning fikr va mulohazalarini tingladi. Mahallada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan tuman IIO FMB va barcha IIBlar, Yagona navbatchi dispetcherlik xizmati faoliyati koʻzdan kechirilib, xodimlarning xizmat jarayonlari, hududda amalga oshirilayotgan ishlar tekshirildi.

Oʻrganishlar yakuni boʻyicha shahar va tuman masʼullariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan bu kabi oʻrganishlar barcha tumanlarda davom etmoqda.