Istiqlol tengdoshi boʻlgan Madina Qarshi shahrida tugʻilgan. U maktabni tamomlab, Shayxali maishiy xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejida elektron hisoblash markazi operatori yoʻnalishida oʻqidi.
Madinaning onasi isteʼfodagi katta serjant Luiza Husanova IIV jazoni ijro etish tizimida ishlagan. Otasi, isteʼfodagi katta serjant Mahmud Turdiyev esa IIV Qorovul qoʻshinlari tarkibida 20 yildan ortiq xizmat qilib pensiyaga chiqqan. Turmush oʻrtogʻi Bekzod Abdusalomov ham 2016-yilda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizdagi 7531-harbiy qismga shartnoma asosida xizmatga kirdi. Hozir 7533-harbiy qismda xizmatni davom ettiryapti.
Yaqinlariga havas qilgan Madina ham 2019-yilda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent shahridagi 7534-harbiy qismga hujjat topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, 3-toifali nazoratchi sifatida xizmatni boshladi. Ustozi, katta serjant Feruza Abdurahmonovadan kasb sirlarini oʻrgandi. Oʻtgan qisqa vaqt davomida u oila yumushlarini ham, harbiy xizmatni ham uddalab, namunali xodima sifatida shakllandi.
– Yoshligimda ota-onamning xizmatdan qaytishini intizorlik bilan kutardim, – deydi kichik serjant Madina Fayziyeva. – Ularning el osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotganidan faxrlanardim. Hozirda mening ham Vatan himoyachisi boʻlish toʻgʻrisidagi orzuyim roʻyobga chiqdi.
Turmush oʻrtogʻi Bekzod Abdusalomovning qoʻllab-quvvatlashlari natijasida yosh xodima ikki nafar farzandining tarbiyasida ham sobitqadam. Bugungi kunda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7533-harbiy qism 4-batalyon 3-toifali nazoratchisi lavozimida xizmat qilayotgan kichik serjant Madina Fayziyeva zimmasidagi vazifani sharaf bilan ado etib kelmoqda.
Sodiq RAHIMOV,
oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
