– Kitob – beminnat ustoz, bilim manbayi, – deydi lavhamiz qahramoni. – 2018-yil IIV Akademiyasini imtiyozli diplom bilan tamomladim. Bu muvaffaqiyatga erishishim oson boʻlmagan, juda koʻp oʻqirdim. Biroq kitob oʻqishda ham oʻziga xos jihat bor ekan. Buni Samarqand viloyati Payariq tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologi sifatida ilk xizmatimni boshlagan kezlarimda tushunib yetdim.
Qahramonimiz hozirda Toshkent shahar Olmazor tumani boʻyicha IIOFMB 4-sonli Ichki ishlar boʻlimi HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori. Xizmat jarayoni asosan Toshkentdagi Turin politexnika universitetida tahsil olayotgan xotin-qizlar bilan kechadi. U talabalar ishtirokida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, tazyiq va zoʻravonlik qurboni boʻlmaslik, turli ekstremistik guruhlarga qoʻshilib qolmaslik va boshqa muammolarni bartaraf etish maqsadida muntazam profilaktik suhbatlar olib boradi. Ayniqsa, talabalar uyida yashovchilarga alohida eʼtibor qaratadi. Ular duch kelgan muammoli vaziyatlarga mutasaddi tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda yechim topishga harakat qiladi.
– Oʻgʻlim Nursulton Milliy gvardiya xodimi, – deydi lavhamiz qahramonining qaynonasi Xayrinisa Jiyamuratova. – Farzandimni uylashga kelganda otasi ikkimiz bir qarorga kelishimiz qiyin boʻlgan. Chunki oʻgʻlimni oilada ham, ishida ham yelkadosh boʻlib, uni tushunadigan qizga uylantirishimiz kerak edi. Kelinimga bir koʻrishda mehrim tushib qolgan. Shukur, bugun bolalarimning baxti toʻkis. Ikkisi ham xizmatini bekam ado etib kelishyapti. Zarur boʻlsa, hamisha yordamga tayyorman.
Hayotda muvaffaqiyatlarga shunchaki erishilmaydi. Balki kattami-kichikmi yutuq ortida koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan fidoyilik boʻladi, albatta. Katta leytenant Onorxol Ismoilova yaqinda Jizzax viloyatining Zomin tumanida Ichki ishlar vazirligi tizimlarida xizmat olib borayotgan xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan IV forum doirasida «Eng yaxshi kitobxon ayol xodim» tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Yosh xodima xizmatda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻkis bajarishida, oilada yaxshi beka, ona, kelin boʻlishida yaqinlarining alohida hissasi borligini yashirmaydi.
Har bir ayolga oilasi, yaqinlarining mehri, ardogʻi kuch, ishtiyoq, ertangi kunga umid beradi. Mening ham kelajakda rejalarim koʻp. Xizmatdan ajralmagan holda huquqshunoslik yoʻnalishida magistraturada taʼlim olish, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish niyatidaman.
Kitobni tafakkur mayogʻi sanagan lavhamiz qahramoni doim intilish, izlanishda. Uning orzulari karvon, sarboni – ishonch. Shijoat esa hamisha hamrohidir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
