Qoʻqon shahrining “Boʻston” mahallasida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan ogʻir turdagi jinoyat viloyat IIB boshligʻi hamda shahar faollari ishtirokida muhokama qilindi. Bu haqida viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Yigʻilishda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻraev soʻzga chiqib, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning sabab va omillariga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, ayrim yoshlar oiladagi tarbiyaning yetarli emasligi, eʼtiborsizlik va nazoratsizlik ortidan pichoq va boshqa sovuq qurollar koʻtarib yurishni odat qilishgan. “Boʻston” mahalllasida sodir etilgan tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyatga ham ana shu omillar sabab boʻlgan.
Joriy yilning 28-fevral kuni “Boʻston” mahallasidagi 27-uy oldida 2007- va 2008-yilda tugʻilgan ikki nafar oʻspirin oʻrtasida janjal yuzaga keladi. Janjal davomida ulardan biri yonida boʻlgan pichoq bilan ikkinchisiga tan jarohati yetkazadi.
Boshqarma boshligʻi ushbu jinoyatning sodir etilishiga birinchi navbatda oilada tarbiyaning susaygani, ota-onalar farzandlarini yetarlicha nazorat qilmagani, shuningdek mutasaddi rahbarlarning loqaydligi sabab boʻlganini taʼkidlab, kelgusida bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan oʻz fikrlarini aytib oʻtdi. Taʼlim muassasalarida, mahallalarda huquqiy targʻibot va tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, hududga videokuzatuv moslamalarini oʻrnatish lozimligini taʼkidladi.
Yigʻilishda Qoʻqon shahar hokimi hamda jamoatchilik vakillari ham soʻzga chiqib, kun tartibidagi masala yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bayon qildilar.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
