Lazizbek Toʻrayevning (ism-shariflar oʻzgartirildi) orzusi osmon. Hammasi daromadli, konu foyda. Biroq ana shu daromadli ishning tag zamirini koʻrib chiqsangiz, qingʻirligu qonunbuzarlik holatlari yaqqol seziladi. Mana, masalan, yaqinda bir kattaroq “loyiha”ni amalga oshirmoqchi boʻluvdi, oʻxshamadi. Aniqrogʻi, qonun himoyachilari unga qingʻir ishning oxiri voyligini isbotlab berishdi.
Gap shundaki, L.Toʻrayev bir fuqaroni aldab, uni AQShga yuborish uchun vakolatli tanishlari orqali viza olib berishni hamda Meksika orqali AQSh hududiga kiritib qoʻyishni vaʼda qiladi. Albatta, quruqdan-quruqqa emas: evaziga 15000 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻi soʻraydi. Fuqaro ham haq-huquqini biladigan va ayni paytda yuz berayotgan shu kabi “yangilik”lardan xabardor edi. U ikkilanmasdan qonun himoyachilariga murojaat etadi.
Viloyat IIB, DXX hamda Departamentning Buxoro viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligidagi tezkor tadbir davomida fuqaro L.Toʻrayev “Buxoro” kinoteatri oldida joylashgan “Farhod” kafesi avtoturargohida jabrlanuvchidan oldindan toʻlov sifatida 7500 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi. Shunday qilib, unga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
