Oʻziga yarasha oshna-ogʻayni, tanish-bilish orttirgan Sotiboldi tengqurlari bilan turli yigʻinlarda koʻp yuradigan odat chiqardi. Bunday yurish uchun ham choʻntak toʻla boʻlish kerak, albatta. U boshqa oʻrtoqlari kabi oʻqishga kirolmagach halol mehnat qilishni istamay, yengil va oson pul topish yoʻllarini izlay boshladi. Bir tanishi uni ana shunday ish bilan taʼminlaydigan doʻsti Alimardonni tavsiya qildi. Sotiboldi Alimardon bilan tanishgach, undan giyohvandlik vositalari oldi-sotdisi bilan shugʻullansa, oʻylaganidan tezroq va koʻproq pul topishi mumkinligini fahmlab qoldi. Kelishuvga koʻra, u Alimardon bergan «zahri qotil»ni sotish uchun mijozlarni izlab topishi kerak edi. 

Avvaliga ish oson va silliq kechdi. Sekin-asta Sotiboldi oldi-sotdining «antiqa» usullarini oʻzlashtira boshladi. Choʻntagiga pul kirgach, uning oʻziga ishonchi ortar, qilayotgan noqonuniy ishi hech qachon oshkor boʻlmaydi, degan xayol bilan xotirjam yurardi. 

Sotiboldi oʻzidan kichik Murodni jinoiy qilmishiga ham sherik qilib oldi. Biroq, koʻza sinadigan kun keldi...

Bir kuni Sotiboldi kechki vaqtda Termiz shahridagi «Tuproqqoʻrgʻon» mahallasi hududidagi «Muz saroyi» oldida mijoz sifatida oʻzini tanitgan Jasur bilan uchrashdi va unga 400 ming soʻm evaziga ikki gramm gashish moddasini pullamoqchi boʻldi. Biroq Sotiboldining iziga tushgan viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati xodimlari Sotiboldini noqonuniy harakatiga chek qoʻyishdi. 


Tezkor surishtiruv davomida Sotiboldi «zahri qotil»ni Alimardon ismli shaxsdan olganini maʼlum qildi. Shundan soʻng huquq-tartibot idoralari xodimlari «Baynalmilal» mahallasida yashovchi Alimardonni ham qoʻlga olishdi. Uning yashash uyi koʻzdan kechirilganda, onasi oʻgʻlidan olgan pullarni ixtiyoriy ravishda huquq-tartibot organlariga topshirdi. Oʻtkazilgan tintuv jarayonida oshxonadagi kiyimidan 13,96 gramm, uy eshigi ostonasida turgan poyabzalidan esa 1 gramm gashishga oʻxshash moddalar topildi. «Topilmalar» xolislar ishtirokida rasmiylashtirildi.

Inson hayotida goho nojoʻya qoʻyilgan bir qadam ham butun taqdirni izdan chiqarishi mumkin. Sotiboldining qissasi bunga yorqin misol. Uning yoshlik shavqi va yengil pulga intilishi nafaqat ota-onasi orzularini, balki oʻzining kelajagini ham parchaladi.

Giyohvandlik – bu nafaqat jismni, balki qalb va butun umrni zaharlaydigan illat. Giyohfurushlik esa bu illatni urchitadi. Oson yoʻl va jinoiy yoʻl bilan topilgan harom pul kishini oxiri halokatga yetaklaydi. «Non mehnat bilan topilsa, shirin boʻladi» — deydi dono xalqimiz.

Feruza Rahmonqulova,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.