14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati 6-sinf oʻquvchilarining “Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasi” hamda “Shon-sharaf muzeyi”ga sayohati tashkil etildi. Sayohat davomida urushda besh nafar oʻgʻlidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova xotirasiga oʻrnatilgan “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gullar qoʻyildi. Va muzeyda oʻquvchilar oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qahramonligi, front va front ortidagi mardona mehnati haqida majmuadagi eksponatlar orqali tanishishga muyassar boʻlishdi.
Bayram tadbiri “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekiston poydevori” mavzusidagi ichki ishlar organlari faxriylari, oʻquvchilar va ularning ota-onalari ishtirokidagi uch avlod uchrashuviga ulanub ketdi. Unda faxriylar oʻzlarining xizmatda orttirgan boy tajribalari va koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdilar, hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan yoshlarning oʻqishi uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishlari va kelajakda vatanimizning yanada yuksalishi va taraqqiy etishiga oʻzlarining xissalarini qoʻshishlariga ishonchi komil ekanliklarini bildirib oʻtdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham boʻlib oʻtdi. Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirda maktab oʻquvchilari vatan himoyachilarini madh etuvchi sheʼrlar va qoʻshiqlar bilan ishtirok etishdi. Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi ashula
va raqs ansambli xonanda va sozandalari ham tadbir qatnashchilarini oʻz chiqishlari bilan xushnud etishdi.
Oʻz muxbirimiz.
