Inson qadri ulugʻ

Oltiariq tumani Xoʻjaqoʻrgʻon mahallasi Boʻston koʻchasidagi xonadonlardan birida 101 yoshga toʻlgan Momoxon Sharipova ismli piru badavlat onaxon istiqomat qiladi.

1922 yilda tavallud topgan, ogʻir va mashaqqatli bolalikni boshdan oʻtkazgan, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qiyinchiliklarning bevosita guvohi boʻlgan, katta Fargʻona kanalini qazishda ishtirok etgan momo bilan suhbatlashgan insonning bahri dili ochiladi.

Koʻzlari tiyran, xotiralari tiniq, xatto bolalikda birga saboq olgan sinfdoshlarining, dugonalarining ismini ham unutmagan nuroniyning fayzli xonadonidan mehmonlarning poyqadami uzilmaydi.

Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida uning 22 chi nabirasi, Fargʻona viloyati IIB Axbrot xizmati rahbari, katta leytenant Ismoiljon Sharipov bir dasta gul koʻtarib momosini yana yoʻqlab bordi.

–                      Ismoiljonmisan? Boshing toshdan boʻlsin, bolam, – deydi onaxon suyukli nabirasini eshikdan kirishi bilanoq tanib.

Nabira esa bolalikdan opichlab katta qilgan momosini mehr bilan bagʻriga bosadi, yuzlaridan oʻpadi.

–                       Shu nabiramni juda yaxshi koʻraman, u ichki ishlar xodimi, – deydi momo quvonchini yashirolmay. – Goʻdakligidan non chaynab berib, oʻzim katta qilganman. Mana, alpqomat yigit boʻlib, forma kiydi. El-yurtga xizmat qilyapti. Ilohim ishlariga rivoj bersin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin.

–                       Esimni tanibmanki, buvimning bagʻrida kamol yetdim, – deydi katta leytenant Ismoiljon Sharipov. – Cholidan erta ayrilgan buvam bolalikning oydin tunlarida peshayvondagi soʻrida yonboshlab olib, bizga oʻzining ogʻir oʻtgan bolaligini, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi ocharchilik, qiyin va mashaqqatli kunlarni, Katta Fargʻona kanalining qazish jarayonlarini gapirib berardi. Gapirish bilan birga bizni ilm olishga, hunar oʻrganishga, halol mehnat qilishga, tinchlikning qadriga yetishga chaqirardi. Buvimning oʻgitlari tufayli qalbimda ichki ishlar organlari sohasiga qiziqish uygʻongan, boʻlsa ajab emas. Keksalari bor uyda kamolga yetgan bolalar ezgu fazilatlar bilan tarbiya topishadi, deganlaridek, barcha nabiralari oʻqimishli, ilmli va hunarli boʻlib voyaga yetishdi. Hozir buvimning 9  nafar farzandidan 41 nafar nabirasi, 135  nafar evarasi, 22 nafar chevarasi bor. Ularning ichida 5 nafari huquq-tartibot organlari va harbiy sohada ishlaydi.

101 yoshli onaxon oʻzining bolalik yillarini ham tiniq xotirlaydi.

 U Fargʻona tumanidagi Chimyon qishlogʻida tugʻilib oʻsgan edi. Otasi Ahmadxoʻja Zayliddinov, onasi Davlatposhsho Qoraboyevalar oddiy kolxoz ishchilari boʻlgan.

Momoxon Sharipova ota-onasiga yordam berib, dalada ishlaydi. 1929 yilda 7 yoshgacha kirganida onasi olamdan oʻtkach, ukalarini boqish va tarbiya qilish butunlay uning zimmasiga tushadi.

Tirikchilik tashvishida qiz bola boshi bilan ogʻir dala yumushlarini bajaradi. 1939 yilda otasiga ergashib katta Fargʻona kanalini qazish uchun oʻtkazilgan xasharga borib, oʻsha yerda ham kattalarga koʻmaklashadi.

Boʻyga yetgach, 1943 yilda Chimyondan Oltiariq tumaniga traktorchi Mirzaqobil Masharipov oilasiga kelin boʻlib tushadi.

Shundan soʻng Oltiariq tumani Paxtakor kolxoziga ishchi boʻlib ishga kirib, 1965 yilda, toki keksalik nafaqasiga chiqquncha shu yerda ishlaydi.

–                      Urush yillarida dalada faqat chol- kampirlar, yosh bolalar va bizga oʻxshagan kelinlar mehnat qilardi, xolos – deydi momo oʻsha davrlarni yodga olib. – Beshigimizni koʻtarib, qaysi dalaga yuborsa oʻsha yerga borib, ketmon chopganmiz. Vaqti kelsa ishchi kuchi yetishmaganidan ayollar ot arava minib, poyezd vokzaliga bugʻdoy, paxta tashiganmiz. Qancha ogʻir ish qilmaylik yeganimiz atala-yu, zogʻara non edi.

Ikkkinchi jahon urushi tugagan kunni onaxon aslo yodidan chiqarmaydi va haligacha nabiralariga hayajon bilan gapirib beradi.

–                      Oʻsha kuni dalada ish qilayotgan edik, – deydi u. – Qoʻlimizda ketmon, uvatdagi tutga belanchagimizni osib, bolalarimizni yotqizib qoʻyganmiz. Sheriklarimizdan biri uzoqdan qichqirib yugurib kela boshladi. Qiz-juvonlar yerdan boshimizni koʻtarib, tinchlikmikan, deb unga qaradik. Sherigimiz qoʻlidagi roʻmolini boshi uzra oʻynatib, bor ovozi bilan baqirardi. Yaqinlashgani sari ovozi qulogʻimizga kirdi “Suyunchi beringlar, urush toʻxtabdi, urush tugabdi, eshityapsizlarmi?” Bu gapni eshitib hamma ayollar dalada tik turgancha qotib qoldi. Kimningdir koʻzidan duvillab yosh oqdi, kimdir ketmonni zarda bilan nariga uloqtirdi, kimdir quvonganidan yonidagi sherigini bagʻriga bosib, suyunchiladi.

  Momoxon Sharipova turmush oʻrtogʻi Mirzaqobil Masharipov bilan hamjihatlikda 9 nafar farzandni voyaga yetkazdilar, uylab-joyladilar.

Ayni paytda farzand va nabiralari, evara-chevaralari qurshovida keksalik gashtini surmoqda.

Mahalla faollari, qishloq oilaviy poliklinikasi shifokor va hamshiralari uni tez-tez yoʻqlab keladilar. Nabilar esa duogoʻy momoning xizmatiga kamarbasta. Shu bois onaxon bugungi dorilomon kunlarga mudom shukrona aytib yashaydi.

Har gal qoʻlini duoga ochganida dunyoda urush boʻlmasligini, yurtimizdagi toʻkinlik va farovonlik abadiy boʻlishini niyat qiladi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri

Fargʻona viloyati.