Suyaklarning zaiflashishi aynan qachondan boshlanishini belgilab beradigan maʼlum yosh chegarasi yoʻq. Bu har kimda har xil boʻlishi mumkin. Agar inson yoshligidan suyaklari baquvvat, chidamli boʻlsa, muntazam sport bilan shugʻullansa, sogʻlom turmush tarziga amal qilsa, osteoporoz yoki osteopeniya degan muammoga umuman toʻqnashmasligi ham mumkin.
D vitamini
D vitamini suyaklar mustahkamligi uchun organizmning asosiy yordamchilaridan biri sanaladi. Ushbu vitamin mahsulot tarkibidagi kalsiy yaxshi singishini taʼminlaydi, shuningdek, suyak toʻqimasining regeneratsiyasiga javob beradigan hujayralarni ragʻbatlantiradi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari taʼsirida mazkur vitamin organizmda koʻproq ajraladi. Sut ichish, tuxum, kartoshka, baliq va qoʻziqorin isteʼmol qilish ham organizmning ushbu vitaminga boʻlgan ehtiyojini qoplashga yordam beradi.
Kalsiy
Kalsiy suyaklar, umuman olganda, organizm uchun juda ham muhim sanaladi. Ammo oʻzi yaxshi singmagani sabab uni D vitamini bilan birga qabul qilish tavsiya qilinadi. Organizmdagi kalsiy yetishmasligi oʻrnini bosish uchun baliq, bodom, yongʻoq va koʻkatlar isteʼmol qilishni kanda qilmaslik kerak.
Fosfor
Fosfor yetishmasligi nafaqat suyaklarning moʻrtlashishi, balki tishlar bilan bogʻliq muammolarning koʻplab kuzatilishiga ham olib keladi. Tarkibida oqsil boʻlgan mahsulotlarni taomnomadan chiqarib tashlaganlar, shirin gazlangan ichimlik isteʼmol qiladiganlarda, ayniqsa, bu kabi holatlar koʻp boʻladi. Fosfor balansda boʻlishi uchun baliq, tovuq va sut isteʼmol qiling.
C vitamini
Kollagen ishlab chiqarilishi uchun javob beradigan mazkur vitamin sitrus mevalar, shuningdek, qulupnay va yashil bulgʻor qalampirida bisyor boʻladi. Kollagenning yetarli miqdorda ekani pay choʻzilishi kabi muammolarning oldini olib, faol, egiluvchan boʻlishga yordam beradi.
K vitamini
Oqsil sintezida ishtirok etadigan bu vitamin, shuningdek, suyaklarning mineral toʻyinish jarayonida ishtirok etadi. Qolaversa, kalsiyning organizmga yaxshi singishiga hissa qoʻshadi. Zaytun yogʻi, koʻkatlar, lavlagi va koʻk choy K vitaminining koni sanaladi.
B12 vitamini
Suyaklarning qayta tiklanishida muhim rol oʻynaydigan mazkur vitamin yetishmaganda, organizmga kollagen singishi qiyinlashadi. Bu paylarning boʻshashishi hamda osteoporozga olib keladi. B12 vitaminiga boʻlgan ehtiyojni qoplash uchun goʻsht, sut va tuxumni kanda qilmaslik kerak.
Kaliy, A vitamini va
omega-3 yogʻi
Foydali ekani bilan oʻziga xos boʻlgan mazkur moddalar kalsiyning yaxshi singishida ham ahamiyatli sanaladi. Shu sabab ham kundalik ratsionga banan, yongʻoq, zigʻir donlari, shuningdek, baliq va koʻkatlarni kiritish tavsiya qilinadi.
Tiyilish kerak
Qora choy, qahva va gazlangan ichimliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilmaslik, osteoporozni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan tuz hamda oqsildan tiyilish kerak.
Faol turmush tarziga
amal qiling
Toʻgʻri va foydali mahsulotlarga asoslangan parhez tutish salomatlik uchun foydali, ammo sogʻlom turmush tarziga ham amal qilish kerak. Spirtli ichimlik, stress va kamharakatlilik urinishlaringiz besamar ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Sport bilan shugʻullaning, kamroq asabiylashishga harakat qiling.
Tavsiyalarga amal qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing!
