Ravshan aka quvnoq bolalik, joʻshqin oʻsmirlik va qaynoq yigitlik davrini ilm olishga bagʻishladi. Chunki rahmatli otasi Gʻafur aka farzandlarining taʼlimiga alohida eʼtibor qaratardi.
Otasi Ravshan akani 1975-yilda Toshkent shahridagi Respublika yosh fizik va matematiklar maxsus maktab-internatiga olib keldi. U imtihon topshirib, maktab-internatning 8-sinfiga qabul qilindi. Ushbu bilim maskanini tugatgach, Toshkent avtomobil transporti va yoʻllari institutiga oʻqishga kirdi. 1983-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugallagandan soʻng Peshku tumanidagi 6-son koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonnada bosh mexanik vazifasida ish boshladi.
– Otam DAN sohasida ishlashimni xohladilar. Shu bois oliygohni bitirib kelganimdan soʻng tuman IIBga murojaat qildim. YPX katta inspektori lavozimiga tayinlandim, –deydi Ravshan aka. – Har tong xizmatga ketishdan oldin otamning duosini olib, yoʻlga chiqardim. Baʼzan hali tong otmasdan boʻlimga chaqirib qolishardi. Yoʻl-transport hodisasi yuz bergan yoki biror jinoyat sodir etilgan boʻlardi. Otam juda sergak yotardi, tiq etsa uygʻonardi. Ana shunday paytda ham otamning duosisiz koʻchaga chiqmasdim.
Haqiqatan ham, ota duosi ulugʻ. Duo olganlar hech qachon kam boʻlmagan. Shu bois Ravshan aka ham oʻttiz bir yil ichki ishlar organlarining turli sohalarida va rahbarlik lavozimlarida benuqson xizmat qildi. Xushfeʼl, fidoyiligi ortidan hurmat qozondi, doʻstlar orttirdi, shogirdlar tayyorladi. 2004–2017-yillarda viloyat IIBda turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib, «polkovnik» unvoni bilan pensiyaga chiqdi.
Ravshan aka umr yoʻldoshi Shoira opa bilan uch qiz va bir oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Farzandlarining barchasi oliy maʼlumotli. Toʻngʻich qizi Shahlo Rahmonova viloyat IIBga qarashli «Yulduzcha» maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori, Gulnoza va Nafisa esa oʻqituvchi.
Kenjasi Azizbek ota kasbini tanladi. U avval Toshkent moliya institutini, keyin IIV Akademiyasining sirtqi taʼlim fakultetini tugatgan. 2014-yildan beri ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Viloyat IIB huzuridagi Qoʻriqlash boshqarmasi 5-AMB 1-otryad komandiri oʻrinbosari lavozimida xizmatni boshlagan Azizbek Rahmonov koʻp oʻtmay oʻzi tugʻilib oʻsgan tuman IIB JQXda tezkor vakil lavozimida samarali xizmat qildi. Xizmat davomida toʻplagan tajribasi qoʻl keldi. Qiyin vaziyatlarda otasidan maslahat oldi. U qisqa vaqtda katta tezkor vakil, boʻlinma boshligʻi va boʻlim boshligʻining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari kabi masʼuliyatli lavozimlarda ham faoliyat koʻrsatdi. 2023-yilning yanvar oyidan buyon Vobkent tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari — jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi vazifasida xizmat qilib kelmoqda.
– Meni shu sohaga boshlab kirgan, kasbimga mehr uygʻotgan inson otam boʻladi, – deydi mayor Azizbek Rahmonov. – Xizmatda esa ustozim, podpolkovnik Jonibek Boltayevning etaklaridan tutganman. Ulardan olgan saboqlarim hali-hanuz xizmatimda qoʻl kelyapti.
Sohaning fidoyisi, yetuk mutaxassisi boʻlgan xodimning shogirdlari ham boʻladi, albatta. Ulardan kapitan Bobir Mardonov, katta leytenantlar Sunnat Ramazonov hamda Jahongir Xayrullayevlar hozirgi kunda sohaning turli yoʻnalishida fidoyilik bilan xizmat qilishyapti.
Bugun Azizbek Rahmonov rafiqasi Shahnoza Mansurova bilan birgalikda farzandlari Ulugʻbek va Abdulazizni tarbiyalab, voyaga yetkazishmoqda.
Mazkur sulola vakillari ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan har bir yosh xodimda havas uygʻotadi. Chunki yaxshi tarbiya bergan padari buzrukvorining oʻgitlari doimo qalbida.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
