Navoiy shahridagi 18-sonli maktabda sport tadbiri tashkillashtirildi. “Otam-onam va men sportchi” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu musobaqaga maktabning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda tarbiyalanayotgan oʻquvchilari jalb etildi. Tadbir quvnoq estafeta koʻrinishida oʻtkazilib, unda oʻquvchilar oʻzining ota-onasi bilan birga ishtirok etdi. 

Shuningdek, tadbirga nizoli oilalarning farzandlari, huquqbuzarlik va gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishga moyil boʻlgan oʻquvchilar ham taklif etildi. Ular uchun bu tadbir oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda, ota-onalari bilan yaqin munosabatda boʻlishlarida, oila jips boʻlsa, yuqori natijalarga erishish mumkinligini anglashda muhim ahamiyat kasb etdi. 

Bunday sport musobaqalarining tashkil etilishi kelgusida sogʻlom turmush tarzini keng yoyishga hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Tadbir yakunida Navoiy shahar IIB boshligʻi, mayor Ravshan Shernazarov musobaqa ishtirokchilariga diplom va esdalik sovgʻalarini topshirdi. Ota-onalar farzandlariga yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlardan mamnun ekanligini aytishdi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.