Ayol – nozik xilqat. Chimdim mehrga dunyolarga sigʻmay ketadi, ozgina eʼtiborsizlik esa koʻngliga ogʻir botadi. Oʻsha kuni Munira turmush oʻrtogʻi, mayor Husniddin Abdullayevga bir necha marotaba qoʻngʻiroq qiladi. Javob boʻlavermagach, alami kelgan Munira endi mening ham javobimni kutsinlar, degan maʼnoda uyali telefon apparatini oʻchirib qoʻyadi.
Mahkamada soʻroq qilinayotgan Abdullayevdan uydagilarini xabardor qilish maqsadida yaqinlarining telefon raqamini soʻrashganida xayoliga faqat turmush oʻrtogʻi Muniraning raqami keladi, xolos. Ammo afsuski, u bilan bogʻlanishning sira iloji boʻlmaydi...
Mayor Husniddin Abdullayev 1979-yili Andijon viloyati Asaka tumanida tugʻilgan. 2001-yili IIV Yongʻindan saqlash oliy texnik maktabini tamomlagan. Mazkur taʼlim muassasasida turli lavozimlarda ishlab, 2007-yili Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB HOOB MTP profilaktika inspektori vazifasida faoliyatini davom ettirgan.
Hayot yoʻli bir tekis emas ekan. Oʻshanda 2013-yil 11-sentabr kuni edi. Husniddin Abdullayevning har doimgidek xizmat vazifasini bajarish jarayoni. Hujjatlarni tuman IIBga olib ketayotgan payti hududda yuradigan tanish yigitlardan biri shoshib kelib, «Aka, disk sotadigan doʻkon ochmoqchi edim, maslahatingiz kerak», deb gapga tutadi. Inspektor shoshib turgan boʻlsa-da, buning uchun kerakli hujjatlar rasmiylashtirish lozimligini, turli xildagi pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega disklar sotuvi mumkin emasligini tushuntirib, mashinasiga oʻtiradi. Yigit koʻcha boshidagi doʻkongacha uning mashinasida birga chiqib olishini iltimos qiladi. Manzilga yetgach, tushib ketarkan, inspektorga sovgʻa berib yuborishganini aytib, qoʻlidagi selofan paketga oʻralgan pullarni tutqazadi. «Bu nima qilganing! Ol buni!» deb paketni yigitga qarata irgʻitadi. Yigit «Bu — sizga», deb turgan mahali sakkiz nafardan ziyod xizmat xodimlari mashinani oʻrab olishadi va Abdullayevning qoʻlini orqaga qayirib, Toshkent shahar prokuraturasiga olib ketishadi...
Munira ishidan hayallayotgan turmush oʻrtogʻidan avvaliga xavotir boʻlmaydi, chunki xizmat vazifasi oʻlaroq, bunday holatlar boʻlib turardi. Shu bois ham uyali telefon apparatini yoqish, undan xabar kutish xayoliga ham kelmaydi. Keyinchalik vaziyatni bilganda esa oʻzini oʻzi ich-ichidan koyidi.
– Otamning koʻzida yoshni oʻshanda koʻrganman, – deb eslaydi X.Abdullayev. – «Otajon, mehribonim, yigʻlamang, mening aybim yoʻq... Bir kuni adolat qaror topadi, ammo buning uchun vaqt kerak. Iltimos, menga ishoning!» deyolganman xolos. Otam koʻzlaridagi yoshni roʻmolchasi bilan artarkan: «Oilangdan, farzandlaringdan xavotir boʻlma. Sogʻligʻingga qara» dedi-da, chiqib ketdi.
Xusniddin Abdullayevning oilada akasi, ukasi va birgina singlisi bor edi. Aka-ukalari ham ofitserlar, singlisining turmush oʻrtogʻi ham shu soha xodimi. Uning boshiga kelgan qora bulutlar aka-ukalarining emas, negadir kuyovining faoliyatiga soya solgandek boʻladi. Hatto shuni deb uning oilasi darz ketish arafasiga yetadi. Hayot sinovlari barchani sinayotgandek boʻlardi...
Ariza va koʻrsatmalarga asoslangan jinoyat ishi hujjatlariga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Jazo muddatining maʼlum bir qismini oʻtaganidan soʻng, ozodlikka chiqariladi.
– Ozodlikka chiqish – chinakam quvonch, cheksiz baxt boʻlsa-da, ammo koʻp yillardan buyon yelkamni bosib turgan ogʻir yukdan xalos boʻlish dardi qiynardi. Negaki, baribir koʻpchilikning nazarida yuzim qora boʻlgan, munosabatlar ham shunga yarasha edi, – deydi Husniddin Abdullayev.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasida sud jarayoni qaytadan koʻrib chiqilib, sud hukmiga koʻra, uning harakatlarida jinoyat tarkibi boʻlmaganligi sababli toʻliq reabilitatsiya qilinadi.
– 2022-yil 23-oktabr kuni 11 nafar oqlangan xodimlar Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning huzuriga kirdik. Hurmatli vazirimiz bizni samimiy qabul qilib, xizmatga qayta tiklanishimizni aytib, kelajakdagi xizmat faoliyatimizga yuksak ishonch bildirdi. Buni eshitgan otam koʻzlarida quvonch yoshlari, dillarida, tillarida shukronalik, minnatdorlik bilan uzundan-uzun duo qildilar.
Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. 2023-yilning noyabr oyida Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan xizmatga tiklangan Husniddin Abdullayev bugungi kunda Chilonzor tumani boʻyicha IIOFMB 3-sonli ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi profilaktika inspektori lavozimida ish faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
– Xizmat formamni yana kiyarkanman, rosti, koʻnglim allanechuk boʻlib, yigʻlab yuborganimni ham yashirmayman, – deydi lavhamiz qahramoni.
– Yangi Oʻzbekistonda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi taʼminlanib, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishiga ishonardim. Xudoga shukr, oilam, yaqinlarim, kasbdoshlarim, mahalla-koʻy oldida yuzim yorugʻ boʻldi.
Mayor Husniddin Abdullayevga ish joyiga yaqin boʻlgan hududdan barcha qulayliklarga ega boʻlgan xizmat uyi berildi. Turmush oʻrtogʻi Munira shu hududdagi 179-sonli maktabda ingliz tilidan dars berib kelmoqda. Gulhayo, Azizbek, Lazizbek farzandlarini Vatan xizmatiga kamarbasta isonlar etib tarbiyalab kelishmoqda.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
