– Rahmatli otam ishiga masʼuliyatli, kasbiga mehr qoʻygan, burchiga sodiq inson edi. Ota kasbini davom ettirish ukam va menga nasib qildi. Ukam, katta leytenant Zarifjon Bekboʻtayev hozirda JIED tizimida xizmat faoliyatini olib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan shunday yuksak eʼtirofga loyiq koʻrilganimdan boshim osmonga yetdi. Qaniydi, bu kunlarni otam koʻrganida... Ishonaman, bugun ularning ruhlari shod. Mukofotga munosib boʻlishga, yanada shijoat va sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda beraman, – deydi podpolkovnik Oʻtkir Narjigitov.
Lavhamiz qahramoni 2010-yilda IIV Akademiyasini tamomlagach, Chinoz tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida salkam 7 yil xizmat qildi. Ilk ustozi, marhum kapitan Husanboy Mirzayev uning har tomonlama yetuk kadr boʻlishida oʻz mehnatlarini ayamagan.
2017-yildan Chinoz tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasida katta surishtiruvchi, 2020-yildan katta tergovchi boʻlib xizmat qildi. U aynan tergov yoʻnalishida tajriba orttirdi. Kasbidan tom maʼnoda qadr topdi. Bu mukofot yillar davomida qilgan mehnatlarining mevasi boʻldi.
Yangiyoʻl tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasiga katta tergovchi boʻlib oʻtganiga endigina bir oycha boʻlgan podpolkovnik Oʻtkir Narjigitov turmush oʻrtogʻi Malohat Narjigitova bilan birgalikda bir nafar oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda. Hozirda oʻgʻli Humoyun Chinozdagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olmoqda. U ham ota kasbini davom ettirish niyatida.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent viloyati.
