Hojiboy aka 1994-yil 13-tergov hibsxonasida nazoratchi-inspektor lavozimida xizmat faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik Boyovut tumani IIB Qoʻriqlash boʻlimi inspektori yordamchisi lavozimida xizmat qiladi.
2005-yilda katta serjant Hojiboy Yakubov hurmat bilan nafaqaga kuzatildi.
Ota izidan ketgan safdor Jumaboy Yakubov Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB Karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi safdor xodimi. U Sirdaryo va Toshkent viloyatlari oraligʻidagi «Sayxun» postida xizmat qiladi.
Uning fidoyiligi ortidan koʻplab sifatsiz goʻsht mahsulotlari aholiga yetib borishining oldi olingan.
Hojiboy akaning yana bir farzandi Inomjon Yoqubov viloyat IIB YHXB inspektori lavozimida xizmat olib boryapti. U yoʻllarda qilingan har qanday xato ogʻir oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham harakat tigʻiz chorrahalar, muyulishlarda oʻta hushyorlik bilan xizmat olib boradi. Uning fidokorona xizmati vazirlik va boshqarma rahbariyati tomonidan koʻp bora eʼtirof etilgan.
– Oʻgʻillarim doim mendan maslahat soʻrab turishadi, – deydi isteʼfodagi katta serjant Hojiboy Yakubov. – Ikki oʻgʻlim mening ikki qanotim. Ular ishimni davom ettirayotganidan faxrlanaman. Nabiralarim ham anʼanaga sodiq qolishsa, otalari izidan ketishsa ajabmas.
Xulosa qilib aytganda, el-yurt
osoyishtaligiga hayotini bagʻishlayotgan ushbu oila vakillariga barcha havas qiladi. Ularning halol, oʻz kasbiga sadoqatli xizmatidan oʻrnak olishga intilishadi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
