Lavhamiz qahramoni ilk xizmat faoliyatini 1978-yilda Nurota tumanida vaqtinchalik saqlash hibsxonasida militsioner lavozimidan boshlagan edi. Mehnatsevar, qiyinchilikdan choʻchimaydigan yosh yigit qisqa vaqt ichida hamkasblari orasida oʻz oʻrnini topdi. 

U 1982-yilda patrul-post boʻlinmasi komandiri, bir yildan soʻng uchastka inspektori vazifasida, 1985-yildan tuman IIB Navbatchilik qismida, 1987-yildan esa Tergov boʻlimida samarali xizmat qildi. Bu davrda koʻplab jinoyatlarni ochish, qonunbuzarlarni qonun hukmiga topshirishga muvaffaq boʻldi. 

1998-yildan eʼtiboran salkam 10 yil davomida Nurota tumani IIB boshligʻining shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib, izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi. U oʻzi koʻz yumib ochguncha oʻtgan qisqa fursat, deya taʼriflagan bu yillar mobaynida munosib shogirdlar yetishtirishga ulgurdi. 

Ayni paytda uning ishini oʻgʻillari – podpolkovnik Akbar Azimov jazoni ijro etish tizimida, mayor Avaz Azimov esa Chirchiq shahridagi harbiy qismda davom ettiryapti.

– Oʻtgan umrimga achinmayman. Faoliyatim davomida shaxsiy manfaatimni davlat, xalq manfaatidan ustun qoʻyma­dim. Kasbim ortidan halol topganim bilan roʻzgʻor tebratdim. Farzandlarim ham shu kunlarni koʻrib katta boʻldi, oʻrnak oldi. Baʼzi tanishlarim: «Akmal aka, shuncha yil ichki ishlar organida xizmat qilib hech qanday boylik orttirmadingiz-a?!» deb qolishadi. Men bundaylarga ahamiyat bermayman. Asosiysi, mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻlarim, yaqinlarim orasida oʻzimga yarasha oʻrnim, obroʻyim bor, – deydi isteʼfodagi mayor A. Azimov. 

Akmal Azimov 2007-yilda pensiyaga chiqqach, Nurota tumanidagi «Istiqlol qorakoʻl naslchilik» masʼuliyati cheklangan jamiyatida yuriskonsult lavozimida faoliyat olib bordi. Korxona hujjatlarini qonunga muvofiqlash­tirish, xoʻjaliklar bilan tuzilgan shartnomalarni huquqiy jihatdan baholash kabi masʼuliyatli ishlarni amalga oshirdi.

Ayni paytda keksalik gashtini suryapti. Tomor­qasida turli sabzavotlar va mevalar yetishtiradi. U 6 nafar farzand  uchun jonkuyar ota,  15 na­far nabiraning  sevimli bobojoni. 

Akmal Azimov oʻzi istiqomat qilayotgan «Boʻdiq» mahallasi faollari­dan. Mahalladagi barcha tadbirlarni tashkil etishga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Bundan tashqari, mahalladagi yosh oilalar vakillariga turmush, farzand tarbiyasi borasidagi hayotiy tajribalaridan soʻzlab beradi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdan erinmaydi.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.