Harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish, harbiy xizmatchilarda oʻz kasbiga sadoqat hisini kuchaytirish, ular oʻrtasidagi oʻzaro sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, jangovar tayyorgarlikni yanada takomillashtirish, harbiy intizomni mustahkamlashda harbiy tuzilmalar oʻrasida oʻtkazilayotgan sport va jangovar mashgʻulotlar, turli tanlovlar muhim ahamiyatga egadir. Xususan, joriy yilning 5-7-sentabr kunlari IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondonligida tashkil etilgan “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovining okrug bosqichi ham shu maqsadda oʻtkazildi.

Tanlovda qoʻshin tarkibidagi barcha harbiy qismlarda boʻlib oʻtgan saralash bosqichida ijobiy natijalarga erishgan eng ilgʻor serjant va ofiserlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar bir-necha shartlar boʻyicha bellashishdi. Jumladan, ular koʻrik-tanlovning nazariy qismida umumharbiy nizomlar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha beriladigan test savollariga javob berishgan boʻlsa, amaliy qismida oʻq otish mashqlarini bajarib, taktik va jismoniy tayyorgarlik normativlarini topshirishdi.

Tanlovda harbiy xizmatchilar bor bilim va mahoratini ishga solib, gʻoliblik uchun kurashishdi. Tanlov yakuniga koʻra, «Eng ilgʻor serjant», «Eng ilgʻor guruh komandiri», «Eng ilgʻor vzvod komandiri», «Eng ilgʻor batalyon komandiri» nominasiyalari boʻyicha eng yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar aniqlandi. Endilikda ular joriy yilning noyabrʼ-dekabrʼ oylarida Qurolli Kuchlar miqyosida oʻtkaziladigan respublika bosqichiga ishtirok etadigan boʻlishdi.

Oʻz muxbirimiz.