Bugun biz Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatida chorak asr mobaynida aloqa vositalarini taʼmirlash ishiga munosib hissa qoʻshgan mohir usta, kasbiga sadoqat va fidoyilik bilan yondashgan, halol mehnati bilan jamoada, oʻgit va nasihatlari bilan shogirdlari orasida hurmat va eʼtibor topgan inson, faxriy Abdulxapas Qurbonov haqida hikoya qilmoqchimiz. 

Asli ismi Abdulxapas boʻlsa-da, lekin u kishini hamma «Abbos aka» deb taniydi. 

A. Qurbonov 1955-yilda Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzgan shahrida tugʻilgan. Turdioxun aka oilasida 10 farzand boʻlib, Adbulxapas ularning toʻrtinchisi edi. Onalari Xosiyatxon aya shahardagi tikuvchilik sexida ishlardi. Ular farzandlarini oʻqitishga va biror kasb egasi boʻlishiga intilardi. 

Qarangki, bugun oʻzining 70 yoshini nishonlash arafasida turgan Abdulxapas aka «Men bolaligimdan devorda osilib, qoʻshiq aytayotgan radioga hayrat bilan boqardim. Ichidan chiqayotgan odamlarning gaplari, ayniqsa, ertak aytilganida hayvonlarning ovozlari meni butkul oʻziga rom etardi. Bu qutichaning ichida nima bor ekan, derdim», – deydi kulib bolalik davrlarini eslagancha.

– Sal katta boʻlgach bu qiziqishlarim radioning ichini ochishga undadi. Shartta ochdim. Oppoq simlar, yaltiroq alyumin boʻlaklari va boshqa turli xil jismlar yanayam diqqatimni tortdi. Qizigʻi, keyin boʻldi. Yopganimda radio ishlamay qoldi. Qoʻrqdim. Tamom, endi otam rosa koyisa kerak. Otamga nima deyman, deb uni qayta ochib-yopdim. Endi u gapi­rardi-yu, lekin ovoz tiniq chiqmasdi. Otam ochganimni sezmadi. U yoq-bu yogʻini burab, stansiyadan boʻlsa kerak, deb ishiga shoʻngʻib ketdi. 

Shu kasbga qiziqqanidan 2-Toshkent industrial-pedagogika texnikumini tugatib, Oʻsh viloyatining Aravon tumanida Qishloq kasb-texnika bilim yurtida oʻquvchilarga dars berdi.

 1982 yilda A. Qurbonov poytaxtga keldi. IIV Aloqa boʻlimiga qarashli Aloqa va maxsus texnika vositalarini taʼmirlash ustaxonasiga 4-razryadli mexanik boʻlib ishga kirdi, 6 yil shu yerda boshliq boʻldi. 2006 yildan esa «JAR» sport-sogʻlomlashtirish majmuasida faoliyatini davom ettirib, 2015 yilda pensiyaga chiqdi.

Abdulxapas aka oʻziga kasb sirlarini oʻrgatgan marhum ustozlarini tez-tez eslab turadi. 

Darhaqiqat, sohada uzoq yillar fidokorona va samarali xizmat qilib obroʻ-eʼtibor bilan pensiyaga chiqqan bunday fidoyi faxriylardan yoshlarimiz oʻz kasbiga mehr qoʻyish, doimo oʻqib-oʻrganish, intilish va izlanish kabi fazilatlarni hamda ustoz va murabbiylarga doimo hurmat-eʼtiborda boʻlishni oʻrgansa arziydi.

Shuhrat ROʻZIYEV, 

oʻz muxbirimiz.