1991 yilda baxtli hayot va porloq kelajakni orzu qilgan musiqiy prodyuser Isaak Rayt giyohvandlik moddasini tarqatish boʻyicha yolgʻon ayblov bilan sudlanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Mutlaqo aybsiz boʻlgan mahbus dastlabki bir necha yilni Nyu-Jersi federal qamoqxonasining kutubxonasida oʻtkazib, barcha qonun hujjatlarini va bir qancha sud jarayonlarini oʻrgandi. Shuningdek, u oʻzi bilan birga jazo oʻtayotgan mahbuslarning jinoyat ishlari bilan qiziqib, ulardan batafsil maʼlumotlar oldi va yolgʻon ayblanib qamoqxonada yotgan yakka oʻzi emasligiga amin boʻldi.
Tinimsiz oʻqish va oʻrganish natijasida Rayt yetti yil davomida 20 nafar aybsiz mahbusning ozodlikka chiqishiga yordam berdi. Oʻzining appelyatsiyasi esa bir yilga choʻzildi va natijada Isaakning oqlanishi bilan yakun topdi. Shundan soʻng u jinoyat ishi bilan shugʻullangan okrug prokurori, sudya va politsiyachilar ustidan shikoyat qilib, ularning katta jinoyachilarni himoya qilish maqsadida beayb fuqarolarga nisbatan soxta ayblov, guvohlar va maʼlumotlarni taqdim etishganini isbotlab berdi va har birining jazoga tortilishiga erishdi.
Yetti yil deganda toʻliq oqlanib chiqqan Isaak Rayt Sent-Tomas universitetining yuridik fakultetiga hujjat topshirib, 2007 yilda ushbu taʼlim muassasasini aʼlo baholar bilan tamomladi. Sobiq mahbus bu yerda oʻziga xos mashhurlikka erishib, oʻqishda shu qadar muvaffaqiyat qozondiki, natijada universitet oshxonasini uning ismi bilan nomlashdi.
Rayt 2008 yilda Nyu-Jersi advokatlar kollegiyasi qabul qilindi. Bu yerda u 9 yil davomida «sinov muddatida» faoliyat olib bordi. Vanihoyat 2017 yilda unga rasmiy ravishda advokat sifatida jinoyat ishlarini olib borish huquqi berildi. Shu sohada ishlash uchun litsenziyani qoʻlga kiritgan Rayt oʻz faoliyatini Somerset okrugi sudida boshladi. Uning voqeasi koʻpchilik uchun saboq boʻldi, bu asosda hatto film suratga olindi. Yaqinda Nyu-York meri lavozimiga uning nomzodi ham qoʻyildi.
Taʼkidlab oʻtish joizki, unga nisbatan umrbod qamoq jazosini qoʻllash haqidagi hukm aynan Somerset okrugi sudi tomonidan belgilangan edi. Shunday qilib, Isaak Rayt oʻzini jazoga tortgan sud binosida begunoh insonlarni himoya qilishga kirishgan birinchi advokat boʻldi!
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
