Xoʻjayli tumanida yashovchi A. Nurillayev telegram kanallardan birida bejirim bolalar kiyimlarini arzon sotib olish haqidagi xabarni oʻqiganidan keyin halovati buzildi. Gap shundaki, onlayn-doʻkonda koʻrsatilgan mahsulotlar ancha arzon edi. U kiyimlarni koʻproq sotib olib, uni qayta sotish orqali ancha foyda koʻrish mumkinligini oʻzicha reja qildi. Eʼlonda koʻrsatilgan telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilib savdolashdi. Soʻzlashuv chogʻida onlayn-doʻkon yurituvchisi agar pulni oʻtkazib bersa, xohlagancha tovar yetkazib bera olishini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga ishongan A.Nurillayev oʻzini koʻrmagan sotuvchining bank plastik kartasiga 8 million 520 ming soʻm pulni oʻtkazib berdi. Pulni oʻtkazib boʻlib, mahsulotni qachon olishi mumkinligi yuzasidan sotuvchiga qoʻngʻiroq qilganida birdaniga uning raqami oʻchirilganligini bildi. Boshida unchalik xavotirga tushmadi. Ammo, oradan ikki-uch kun oʻtsa ham telefon raqamining faollashmaganini koʻrib, xavotiri ancha kuchaydi.

Bu haqida tuman Ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilishga majbur boʻldi. Holat yuzasidan oʻtkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida firibgarning shaxsi aniqlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Azamat PIRNIYAZOV

“Postda” muxbiri.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.