Kun qahramoni
Podpolkovnik Zuhraxon Mahkamova 1969 yilda Jizzax viloyatining Forish tumanida tugʻilgan. U 1994 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomladi. Sohadagi faoliyatini 1999 yilda Jizzax viloyati IIB Jinoyatlarning oldini olish boshqarmasi voyaga yetmaganlarni qabul qilish va taqsimlash boʻlinmasi rejim boʻyicha navbatchisi lavozimida boshlagan. 2001 yildan buyon Jizzax viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tizimida faoliyat olib bormoqda. Ayni vaqtda Jizzax viloyati IIB PPX va JTSB tashkiliy va axborot-tahlil guruhining muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori.
Podpolkovnik Zuhraxon Mahkamova tashkilotchi, masʼuliyatli, zimmasidagi vazifani vijdonan bajaradigan namunali xodim sifatida shaxsiy tarkib oʻrtasida katta hurmatga ega. Jumladan, u viloyat IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining 2020 va 2021 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasining puxta ishlab chiqilishiga katta hissa qoʻshdi. Natijada jinoyatlar oshgan hududlarga PPX xizmatlarini jalb etish, ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash, konvoy tadbirlarini amalga oshirish, nazorat-litsenziya, karantinga oid tadbirlarining samarali tashkil etilishiga erishilmoqda.
Shu bilan birga, xodimlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, shaxsiy tarkibning huquqiy ongi va siyosiy-maʼrifiy bilimini oshirish, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasida ham faollik koʻrsatayotir. Podpolkovnik Zuhraxon Mahkamova shaxsiy tarkibning jamoat tartibini saqlashga qaratilgan faoliyatini muntazam tahlil qilib boradi va bu jarayonda kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan oʻz takliflarini bildiradi.
Zuhraxon Mahkamovaning tashkilotchilik va boshqaruv sohasidagi saʼy-harakati boshqarma faoliyati samaradoroligiga ijobiy taʼsir oʻtkazmoqda. 2019 yilga nisbatan 2020 yilda viloyatdagi jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar soni 6 taga kamaygan. Yengil tan jarohati yetkazish 36,3 foizga, bezorilik jinoyati 15,7 foizga qisqargan. Xuddi shunday, jamoat joylarida qotillik, bosqinchilik jinoyatlari roʻy bermagan.
Podpolkovnik ichki ishlar organlarida 22 yildan buyon xizmat qilmoqda. U toʻplagan koʻp yillik amaliy tajribasini va kasb mahoratini yosh xodimlarga muntazam oʻrgatib kelayapti. Zuhraxon Mahkamova Jizzax viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining eng ibratli xodimlaridan biridir.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
