Kun qahramoni


Bugun ichki ishlar organlarida yigitlar qatorida berilgan har bir topshiriqni oʻta maʼsuliyat bilan bajarib kelayotgan fidoyi ayollarimiz juda koʻpchilikni tashkil etadi. IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi oʻta muhim ishlar boʻyicha tezkor vakili, podpolkovnik Zuhraxon Xodjayeva ham ana shunday jasur ayollarimizdan biri.

U yoshligidan ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga havas qilardi. Orzulari roʻyobga chiqib, 1998 yilda IIV Akademiyasini imtiyozli diplom bilan tugatdi. Ichki ishlar organlari sohasida tajribali xodimlar yoʻl-yoʻrigʻi va maslahati asosida soha sir-asrorlarini oʻrgana boshladi. 2013 yildan buyon odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida ishlab kelmoqda. Odam savdosi murakkab jinoyatlar turkumiga kiradi. Shu bois uning zimmasidagi vazifa doimo hushyorlik va sergaklikni talab etadi. 

Podpolkovnik Z. Xodjayeva doimo insonparvarlik gʻoyalarini ilgari suradi. Aql-zakovati, shirin soʻzi hamda yuksak fahm-farosati bilan hamkasblari orasida hurmatga sazovor boʻlgan. Mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotida boʻlayotgan voqea-hodisalarni chuqur mushohada etishga va mavjud muommolarni bartaraf qilishda bor kuch-gʻayratini ayamaydi. Ayniqsa, sohaga oid maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda va oʻtkazishga bosh-qosh boʻlmoqda. 

Chorak asrdan ortiq sodiqlik bilan xizmat qilgan Zuhraxon Xojdayeva 2020 yilda Ichki ishlar vazirligi tomonidan I darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 

Tanlagan kasbining yetuk mutaxassisiga aylangan, zimmasidagi ham ayollik, ham xizmat vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan bunday xotin-qizlarimiz safi koʻpayaversin.

Madina QAHHOROVA,

“Postda” muxbiri.