Koban tizimi

«Koban» termini XIX asrning oxirlarida paydo boʻlgan boʻlib, «kotay» (smenali) va «tatiban» (navbatchilik) soʻzlarining qisqartma shakli hisoblanib, «smenali qorovul budkasi» degan maʼnoni anglatadi. Hozir «kunchiqar yurt»da 12 800 dan ziyod shunday uchastkalar faoliyat olib boradi. Navbatchi polisiyachilarni aholi «o-mavari-san» (janob patrul) deb ataydi.

Tizimning asosiy xususiyati – ochiqlik. Polisiya xodimining ish joyi koʻchaga qaragan deraza yoki shaffof eshik yonida joylashgan. Chet elliklar ham oson tanib olishi uchun koban nomi har doim lotin alifbosida yoziladi.

Odamlar koʻk rangdagi xizmat formasini kiygan polisiyachini koʻrib, oʻzini xavfsiz his qiladi. Zero, mamlakatda koban tizimi fuqarolarning polisiyaga boʻlgan yuksak ishonchini ifodalaydi. 

Qishloq joylarida koban koʻpincha idoraviy xonadon («chudzaysyo») bilan birlashtiriladi. Bu yerda «o-mavari-san» oilasi bilan yashaydi va jamiyatning hurmatli aʼzosi hisoblanadi. 

«O-mavari-san» nima bilan shugʻullanadi?

Uchastka xodimlari sodir etilishi ehtimoli boʻlgan jinoyatlarning oldini oladi. Hududda piyoda, velosipedda, mopedda yoki yengil avtomobilda patrullik qiladi, aholining shikoyatlarini tinglab, ularga zarur tavsiya va maslahatlar beradi. Hatto adashib qolganlar ham ularga murojaat qiladi. Qolaversa, uydan chiqib ketgan keksa odamni topish (soʻnggi paytlarda tobora koʻp uchrayotgan holat)da ular yordamga keladi.

Polisiya xodimlari aholini firibgarlik, jumladan, kiberjinoyatchilikning zamonaviy turlari haqida ogohlantirishadi. 

Agar kimdir koʻchada hamyon yoki kalit topib olsa, ularni kobanga olib borib topshiradi. Ushbu tizim tufayli mamlakatda yoʻqolgan buyumlarni egasiga qaytarish holatlari dunyo boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga ega.

Tizimning shiori – «Ishonch orqali profilaktika». Bu aholi o-mavari-sanni «oʻz odami» sifatida qabul qilishiga xizmat qiladi.

Xay-tek va anʼanalar

Yaponiya anʼanalarni innovatsiya bilan muvaffaqiyatli uygʻunlashtiradi. Zamonaviy koban nafaqat «tayanch punkti», balki xavfsizlik servis markazidir. Ushbu maskanda 10–12 tilda savollarga javob bera oladigan sunʼiy intellekt tizimiga ega moslamalar oʻrnatilgan. Ular geoaxborot terminallari va sensorli panellar bilan jihozlangan. Agar xodim hududni aylanish uchun chiqib ketgan boʻlsa, fuqaro binoga bemalol kirishi, kerakli maʼlumotni olishi yoki interaktiv monitor orqali u bilan bogʻlanishi mumkin. 

Mamlakatda koban uchun yangi binolar loyihalarini ishlab chiqishda mashhur arxitektorlarga murojaat qilinadi. Bu polisiya binolari zamonaviy va «doʻstona» koʻrinishda, shahar landshaftining ajralmas qismi sifatida namoyon boʻlishini taʼminlaydi.

Dolzarbligi nimada?

Koban tizimi JICA koʻmagida Singapur, Indoneziya, Braziliya va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga tatbiq etilgan. Bu tizim polisiya va aholi oʻrtasida ishonchni mustahkamlash orqali jinoyatchilikni sezilarli darajada kamaytirishga yordam bergan.

Jamoat xavfsizligi faqat maʼmuriy koʻrsatmalar va reglamentlarga emas, balki doim yordamga shay tayanch punktlarining samarali yoʻlga qoʻyilgan faoliyati bilan ham baholanadi.


Bunyod DAVRONOV, 

mayor.  

Radik TUMPAROV, 

oʻz muxbirimiz.