M-39 avtomobil yoʻlining Sardoba tumanidan oʻtgan qismidagi blok postda «Neksiya» avtomobili notekis harakatlanayotgani sabab toʻxtatildi. Hujjatlarni tekshirish jarayonida haydovchining spirtli ichimlik isteʼmol qilgani aniqlandi. Qashqadaryolik 1993-yilda tugʻilgan Oʻ.M. ismli fuqaroning qon tahlili ham buni tasdiqladi. 

Havotirga tushib qolgan haydovchi maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan Sirdaryo viloyati IIB YHXB boʻlinmalari, maʼmuriy amaliyot boʻlinmasi inspektori, katta leytenant Sharofiddin Abduraimovga 300 AQSh dollari miqdorida pora taklif qila boshladi. Inspektor uning bu harakati jinoyat ekanligi haqida ogohlantirishiga qaramay, Oʻ.M. soʻzidan qaytmay turib oldi. Natijada, oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs pora berayotganida ushlandi. 

Qasamyodiga sodiq qolgan Sharofiddin Abduraimov 2021-yilda IIV akademiyasini tugatgan. Xizmat faoliyatini Guliston shahar IIB HPB profilaktika inspektorligidan boshlagan. Soʻngra viloyat IIB JXX YHXBga oʻtkazildi. Oʻz kasbiga sadoqatli xodim yosh boʻlsa-da, hamkasblarining hurmatini qozonishga ulgurdi.

Oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.