Viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, mayor Umidbek Yusupov fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq boʻlgan noqonuniy holatlarni fosh qilishga muvaffaq boʻldi. Dastlabki surishtiruvlar davomida qoʻshkoʻpirlik M. Salima (ism-sharifi oʻzgartirildi) 2022-yildan buyon qalbaki ID-karta hamda xorijga chiqish biometrik pasporti bilan Rossiya Federatsiyasi hududiga chiqib kelganligi aniqlandi. 

Qilmishi oshkor boʻlganidan sarosimaga tushgan Salima jazodan qutulib qolish maqsadida mayor Umidbek Yusupovga uchrashib, mazkur holatni «bos­ti-bosti qilish» evaziga 300 AQSh dollari berishini aytdi. Inspektor unga pora berish jinoyat ekanligini batafsil tushuntirdi. Ammo Salima «har qanday ishni hal qilish mumkin», deya ins­pektorni pora olishga undashda davom etdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunbuzar ayol mayor Umidbek Yusupovga 300 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Surishtiruvlar davomida koʻplab fuqarolarga hech qanday asosli hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda shaxsiga oid maʼlumotlarini oʻzgartirib, fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirib berish bilan shugʻullangan jinoiy guruhning qilmishi ham fosh etildi. 

– Baʼzi fuqarolar oʻzlarining jinoiy qilmishini yashirish yoki pinhona rejalarini amalga oshirish maqsadida mansabdor shaxs­larga pora taklif qilishga urinib koʻrishadi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Bu kabi noxush holatlar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan hamon uchrayapti. Bunday nopok kimsalarning qabih niyatlari qasamyodiga sodiq xodimlarimiz tomonidan oʻz vaqtida fosh etilib, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda jazo choralari koʻrilmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.