IIV Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasining xabariga koʻra, joriy yilning 3 mart kuni Yangiyer temir yoʻl bekati navbatchisi Yangiyer temir yoʻl bekatidan oʻtayotgan 3001-sonli yuk poyezdidagi konteynerlardan birining eshigi ochiqligini aniqlagan. 

Yuk poyezdining 36-oʻrni platformasi ustiga ortilgan konteyner Guliston temir yoʻl bekatida Sirdaryo viloyati IIB TXTB xodimlari va yuk qabul qilib, topshiruvchilar ishtirokida tekshirildi. Tekshirishda konteynerning plombasi hamda bir tabaqa eshigi buzilgan holda undagi 770 qopdagi yarim tayyor teri mahsulotida kamomad aniqlangan. 

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida ushbu oʻgʻirlikni Toshkent viloyati, Bekobod shahrida yashovchi fuqarolar U.N., Sh.I., D.U. hamda M.R.lar sodir etganligi aniqlangan. Ulardan 16 ta qop yarim tayyor teri mahsuloti daliliy ashyo tariqasida olingan va konteynerga komissiya aʼzolari ishtirokida yuklanib, kamomad bartaraf etilgan. 

Oʻgʻirlik sodir etishda gumonlangan shaxslarga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

“Postda”muxbiri.

Sirdaryo viloyati