Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan poytaxt IIBBDA katta tantana boʻlib oʻtdi. Unda Bosh boshqarma rahbariyati, boshqa huquqni muhofaza qilish organlar rahbarlari, hududiy tuzilmalar boshliqlari, xodimlar, faxriylar hamda jinoyatchilikka qarshi kurash yoʻlida oʻz hayotlarini qurbon qilgan xodimlarning oila aʼzolari qatnashdilar.

Tadbir boshlanishidan avval vafot etgan xodimlar xotirasiga oʻrnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qoʻyildi. Soʻng tadbirning tantanali qismi boshlandi. Dastlab Bosh boshqarma boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatovning bayram tabrigini yigʻilganlarga oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng, Prezidentimizning farmoni bilan davlat mukofotlagan xodimlar taqdirlandi. Tadbir davomida Ichki ishlar vazirining hamda bosh boshqarma boshligʻining tegishli buyrugʻi bilan ham bir guruh xodimlar mukofotlandi. Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar masʼul rahbarlari ham ichki ishlar xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklab, xizmat burchini vijdonan bajarayotgan, mardonavor faoliyat olib borayotgan xodimlarning mehnatini yuqori baholadi.

Tadbir davomida davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan xizmatda foydalanish uchun zamonaviy avtotransport vositalari sohaviy xizmat boʻlimlari va boshqarmalariga tantanali ravishda topshirildi.

 Oʻz muxbirimiz.

 Toshkent shahri.