Nurafshon shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Botirjon Xolmatov dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri – «University College London»ning toʻliq grantini qoʻlga kiritib, oʻqishga qabul qilindi. Mazkur nufuzli oliygoh dunyoning eng kuchli universitetlari oʻntaligiga kirib, QS xalqaro reytingida faxrli 9-oʻrinni egallaydi.
Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, yuqori intellektual salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Farzandlarning muvaffaqiyatida, shubhasiz, oilaning oʻrni beqiyos. Xususan, Botirjonning ushbu ulkan yutugʻida ham unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatgan, zarur sharoitlarni yaratib bergan va qoʻllab-quvvatlagan ota-onasining hissasi katta, albatta.
Uning otasi – IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, mayor Shuhrat Abdushukurov.
Yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan hamkasbimiz xizmatdagi qatʼiy intizom va Vatanga sadoqat tuygʻularini farzandiga ham singdira olgan. Uning xonadonidagi sogʻlom muhit, tartib va bilim olishga intilish yuksak natija bilan boʻy koʻrsatdi. Ota kasbining sharafi oʻgʻilning ilm maydonidagi matonati bilan uygʻunlashdi.
Oʻnlab Nobel mukofoti sovrindorlarini, taniqli davlat arboblarini yetishtirgan ushbu oliy oʻquv yurtida tahsil olish millionlab yoshlarning orzusidir. Quvonarlisi, universitet oʻzbek yigitining iqtidori va salohiyatini yuqori baholab, unga toʻliq moliyaviy imkoniyat –
180 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.
Botirjon Xolmatovning yutugʻi yillar davomida toʻplangan mustahkam bilim mahsulidir. U xalqaro miqyosda tan olingan imtihonlarda hayratlanarli natijalarni qayd etgan.
– SAT (Akademik baholash testi) boʻyicha – 1580 ball. AQSH va Yevropaning eng nufuzli oliygohlariga oʻqishga kirishda qoʻllaniladigan ushbu testda
1600 maksimal baldan
1580 ball toʻplash – dunyo miqyosidagi eng kuchli
1 foizlik koʻrsatkich demakdir.
Prezident maktabidagi ilgʻor taʼlim tizimi, xorijlik va mahalliy pedagoglarning oʻgitlari hamda izlanishlar Botirjonning yutuqlarida mustahkam poydevor boʻldi.
Botirjon Xolmatov oʻz tengdoshlariga maqsad sari qatʼiy intilish orzular ushalishiga zamin boʻlishini amalda isbotladi. Bu – Yangi Oʻzbekistonning chinakam ishonchi, tayanchi va porloq istiqboli boʻlmish yangi avlod vakillarining, hech kimdan kam boʻlmagan yoshlarimizning navbatdagi ulkan yutugʻidir.
Abror POYONOV,
katta serjant.
