Joriy yilning fevral oyi mamlakatimizda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish oyligi” deb eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan Urganch Davlat universiteti talabalari bilan ushbu oylik doirasida tadbir boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda mutaxassislar tomonidan giyohvandlik vositalari hamda OIV infeksiyasining yoshlar ongi va sogʻligʻiga salbiy taʼsiri yuzasidan tushuntirishlar berildi. 

   – Giyohvandlik hamda OIV infeksiyasiga qarshi kurashishning eng samarali usuli bu oila, maktab va mahalla hamkorligidan unumli foydalanishdir, – deydi Urganch shahar IIOFMB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, mayor Shaxnoza Botirova. – Shu bois, shahrimizdagi mahallalarda, oʻquv muassasalarida oylik doirasida koʻplab profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan ushbu tadbirlarda yoshlar oʻrtasida jinoyat hamda huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. 

  Oylik doirasida oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar viloyatning barcha shahar va tuman hududlarida davom ettirilmoqda.

 Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Xorazm viloyati.