Poytaxtimizning Yangihayot tumani mahallalari kundan-kunga chiroy ochib bormoqda. Xususan, «Yangi umid» mahallasiga kelgan har bir insonning bahri dili ochiladi. Zamonaviy koʻp qavatli uylar va turli bino-inshootlar qad koʻtargan. Ayniqsa, mahalla fuqarolari muntazam sport bilan shugʻullanishi uchun mahobatli sport majmuasi barpo etilgani quvonarli holat.  

Jamoliddin Ahmadjonov mazkur mahalla osoyishtaligiga masʼul boʻlgan profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi. 

U mahalla fuqarolar yigʻini raisi Habibullo Tillayev, profilaktika inspektori, kapitan Sunnat Toʻrayev bilan hamkorlikda hudud obodligi, tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. 

– Hududimizda 21 ta koʻp qavatli uy boʻlib, ularda 5580 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi kapitan Sunnat Toʻrayev. – 1 ta maktab va maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 3 ta xususiy klinika oʻz faoliyatini olib bormoqda. Jamoliddin berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishga harakat qiladi. Mahallada istiqomat qiluvchi voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlashda, ular oʻrtasida huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning oldini olishda bizga yaqin koʻmakchi.

Yaqinda u maʼmuriy nazoratda turgan, sud tomonidan belgilangan cheklovlarni buzgan shaxsni aniqlab, oʻz hushyorligini namoyon etdi. 

Lavhamiz qahramoni oilali. Ikki nafar farzandi bor. Uning orzusi ichki ishlar organi xodimi boʻlish. Maqsadi sari ildam qadamlar tashlayotgan Jamoliddinning hozirgi faoliyati uning uchun muhim tajriba maktabi vazifasini oʻtamoqda.

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.