Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan ayollarni ijtimoiy himoya qilish, hayotiy qiyin vaziyatga tushib qolgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, shuningdek, oʻz ishini tashkil qilmoqchi boʻlgan xotin-qizlarga yaqindan koʻmak koʻrsatishga qaratilgan “Men kuchli ayolman” yangi loyihasi ishga tushirilgan edi.
Loyiha doirasida xotin-qizlarning oʻz-oʻziga boʻlgan hurmatini oshirish, istak va xohishlarini toʻgʻri aniqlay olishlari yuzasidan yana bir psixologik trening tashkil etildi. Ushbu treningni Toshkent shahar IIBB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar taʼminoti xizmati inspektor-psixologlari hamda oila va bolalar psixologi Shoira Isakova olib borishdi. Tadbir davomida ishtirokchilar oʻz oldilariga qoʻygan rejalarini loyiha qatnashchilariga soʻzlab berishdi va orzu istaklarini amalga oshirish yoʻlida qanday kuch topa olishlari haqida psixologlar maslahatlariga quloq tutishdi. Shuningdek, ular plakatlarga ichki kechinmalaridan kelib chiqqan holda fikrlarini yozib chiqishdi. Ishtirokchilar psixologiya sohasiga oid koʻplab savollarga malakali javob oldilar.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
