Inson qadri ulugʻ
Muzrabot tumani IIB JXX JTSG Vaqtincha saqlash hibsxonasi katta nazoratchisi, safdor Nuriddin Zulfiqorov va uning oilasi uchun yangi 2025-yilning qadami qutlugʻ keldi. Sababi, ota-onasi, aka-ukalari bilan 4 xoʻjalik bitta uyda yashab kelayotgan uning oilasi uchun «Yangi hayot» mahallasida viloyat IIB homiyligida barpo etilgan 2 sotixli yangi uy ajratildi.
Bayram arafasida Nuriddin Zulfiqorovning oilasi yangi uyga koʻchib oʻtishdi. Bundan safdor xodimning ota-onasi, ayniqsa, turmush oʻrtogʻi Qurbonoy Yoʻldoshevaning boshi koʻkka yetdi.
— Buni sirayam kutmagandim, — deydi Qurbonoy. — Shunday shinam, sharoitlari ham yaxshi uyda yashash faqat orzu boʻlgan men uchun. Qaynota-qaynonamning uyida ham 3 ovsin ahil-inoq boʻlib yashadik. Endi esa oʻzimizning uyimiz bor. Bundan yaqinlarimiz ham juda xursand. Turmush oʻrtogʻimning shunday kasb egasi ekanligidan faxrlanaman.
Asli muzrabotlik Nuriddin Zulfiqorov ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini yuritayotganiga ham 14 yil boʻldi. Ilk xizmat faoliyatini Termiz shahar IIB 9-sonli tergov hibsxonasida nazoratchi vazifasida boshlagan. Oʻz kasbini yaxshi koʻradi, barcha bilan xushmuomala boʻlishga harakat qiladi.
Xizmat faoliyatim davomida turli insonlarni koʻrdim, turfa holatlarga guvoh boʻldim, – deydi safdor Nuriddin Zulfiqorov. – Hayotga qarashim oʻzgardi va angladimki, qiyinchiliklar insonni toblar ekan. Bu dunyoda, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, yaxshi muomalada boʻlish kerak ekan. Chunki inson odamiyligi bilan azizdir. Yangi uylik boʻlganimiz men uchun ham ajoyib sovgʻa boʻldi. Biz kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga oilam nomidan minnatdorlik bildiraman.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
