Samarqand shahridagi yoshlar markazida Samarqand viloyati hokimi, Ichki ishlar vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda respublika Xalq banki mutasaddi rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.

Unda soʻz olgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov faol yoshlarga tengdoshlariga ham yetkazishlari zarur boʻlgan maʼlumotlarni aytib oʻtdi.

Xususan, Samarqand shahrida ishlaydigan fuqaro qaerda roʻyxatda turishidan qatʼiy nazar koʻhna shahardan subsidiya asosida uy olishi mumkinligi, sobiq "Temurbeklar maktabi"da 450 kishiga kasb-hunar oʻrgatish markazi ish boshlashini maʼlum qildi. Shuningdek, har bir mahallada mehnat inspektori shtati joriy qilinishini ham taʼkidladi. Samarqand shahrida xostel tipidagi talabalar yotoqxonalari qurilishi va ushbu xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda quriladigan obʼektlar taʼtil davrida sayyohlarga xizmat koʻrsatishini aytib oʻtdi.

Eʼtiborlisi, yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarni kreditga olishda 15 foiz boshlangʻich badal toʻlanadi. Buning 10 foizi subsidiya asosida beriladi. Demak, fuqaro boshlangʻich badalning 5 foizini toʻlashi kerak, xolos.

Bahs-munozaralarga boy oʻtgan tadbirda ishtirok etganlar qadim va navqiron shaharda yurtdoshlarimiz uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlardan boxabar boʻlishdi.

Zamira BOLTAEVA, 

“Na postu” muxbiri. 

Samarqand viloyati.