Zarnigorning aytishicha, biz goʻzalligidan bahra olib parvarishlaydigan xona gullarining oʻziga yarasha xususiyatlari boʻlar ekan. Masalan, koʻpincha toʻsiq va bezak sifatida oʻstiriladigan sambitgul (oleandr) oleandrin va neriin deb nomlanuvchi zaharli glikozidlarni oʻz ichiga oladi. Agar kishi ushbu oʻsimlik bilan zaharlansa, qusish, yurak urishining tezlashishi kabi noxush alomatlar kuzatiladi. Shuningdek, tarkibida zaharli sharbati boʻlgan oʻsimliklarni juda ehtiyotkorlik bilan parvarish qilish kerakligini taʼkidlaydi. Masalan, uy hayvonlari bunday oʻsimliklarni chaynashidan, bolalar ularning bargini uzishidan saqlanish lozim. Shuningdek, yotoqxonaga hidi kuchli boʻlgan gullarni qoʻyishni tavsiya etmaydi. Ular bosh ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkinligini aytadi.

– Hovlida yashash baribir boshqacha, fayzi, tarovati boʻladi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Gul va daraxtlar bilan bezalgan hovlidagi goʻzal manzarani koʻrib orzumanda boʻlganman. Xudo xohlasa, oʻzimizning xonadonni ham bogʻu rogʻga, chamanzorga aylantirishni niyat qilganman.

Qahramonimiz qaysi gulni yaxshi koʻrasiz, u gul haqida nimalarni bilasiz, degan savolimizga shunday javob berdi: 

– Hamma gullar bir-biridan goʻzal, ammo negadir pion gulini yaxshi koʻraman. Bu gul qadimiy tarixga ega va qadim zamonlardan beri goʻzallik va hashamatning ramzi boʻlib kelgan. Xitoyda ikki ming yildan koʻproq vaqt oldin tanilgan va eng jozibador gullardan biri hisoblanadi. Keyingi asrlarda pionlar butun dunyoga tarqaldi va koʻplab mamlakatlarda mashhur boʻldi. Jumladan, Xitoy, Yaponiya, AQSH, Rossiya va boshqa mamlakatlarda gullarning qirqdan ortiq turi mavjud. Aslida pion gullari oʻzbekchada «Ona mehri», deb atalishi kerak, deyman, negaki tikansiz, ozorsiz, ifori yoqimli va oʻzi goʻzal-da...

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.