Xodimlar zudlik bilan oʻsmirni maskanga olib kelishdi. Boshi chayqalib, gaplarini uzuq-yuluq gapirayotgan bu yigitchaning yonidan chiqqan bir chimdim giyohvandlik moddasi xodimlarni tumanning «Guliston» mahallasi tomon yetakladi.
Rahbariyatga axborot berilgach, tezkor guruh tomonidan zahriqotil sotuvchi xonadon kuzatuvga olindi. Oradan yarim soatlar chamasi vaqt oʻtgach, qorongʻu kechada chiroqlarini oʻchirib kelayotgan avtomashina ovozi xodimlar diqqatini tortdi. Mashina oʻspirin yigitcha bergan maʼlumotdagi xonadon eshigi oldidan biroz narida toʻxtadi. Toʻsatdan bostirib kirilgach, xaridor va sotuvchilar oʻzlarini panaga, qorongʻulik ichiga urishdi. Ammo tashqarida birin-ketin qoʻlga tushishdi. Tintuv davomida uyning yotoqxonasiga yashirilgan maxsus paket topildi. Unda 510 gramm marixuana bor edi.
Tezkor guruh mashinaga qaytar ekan, tong yorishayotgandi. Xiva yana uygʻonardi va odamlar oʻz uylarida xavfsiz tongni qarshi olayotgandi. Shuhrat esa, ikki yosh yigit, ularning oilasi taqdirini oʻylar ekan, «Qaniydi, bu jinoyat oxirgisi boʻlsa edi», degan oʻyga choʻmdi.
Xiva shahar IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimi, kapitan Shuhrat Aminovning oʻsha tunda koʻrsatgan hushyorligi – bu viloyatda oʻtkazilayotgan keng koʻlamli tizimli ishlarning biridan misol edi, xolos.
Oʻtgan yilgi profilaktik tadbirlar davomida huquq-tartibot organlari xodimlari xushyorligi tufayli 146 ta jinoyat aniqlangan boʻlsa, umumiy hisobda 242 ta jinoyat fosh etilgan. Xuddi Shuhrat Aminov kabi hushyor xodimlar saʼy-harakatlari bilan
29 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi.
16 nafar bedarak yoʻqolganlarning taqdiri oydinlashdi. Terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq 136 ta holat aniqlanib, ularga oʻz vaqtida chora koʻrildi.
«Xavfsiz va sogʻlom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida 4 kgdan ziyod giyohvandlik moddalari,
1618 dona psixotrop dori vositalari, 10 ta oʻqotar va 7 ta pnevmatik qurol, 7 ta sovuq qurol, 132 dona noqonuniy diniy adabiyot, 115 ta boshqa turli xildagi ashyolar dalil sifatida olindi.
Kapitan Shuhrat Aminov singari ziyrak yigitlar tizimning bir boʻlagi hisoblanadi. Ular bir-biriga ulanib, bugungi Xorazm zaminidagi tinchlik, osoyishtalikni yaratadi. Ular biz uchun tun boʻyi uygʻoq yuradi. Biz esa ertalab havfsiz, bemalol uygʻonar ekanmiz, boringizga shukr yigitlar, deging keladi.
Nilufar JABBOROVA,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
