«Qarz munosabatni buzadi», «Qarz barakani uchiradi» degan gaplar tez-tez qulogʻimizga chalinib turadi. Afsuski, hayotda qarz berganlar oʻz pulini vaqtida yoki umuman qaytarib ololmayotgan holatlar ham uchrab turibdi. 

Salim akaning qizi universitetga shartnoma asosida oʻqishga kirdi. Xotini bilan yigʻib qoʻygan pulini shartnoma uchun toʻlashga qaror qilishdi. Ammo togʻasi yangi mashinaga toʻlov qilishga picha puli yetmayotganini aytib qoldi. «Ozroq yordam qilib tursangizlar, qarzimni bir oydan soʻng uzaman», – dedi. 

Nima qilishni bilmay er-xotinning boshi qotdi. Farzandining kontraktini toʻlashga biroz vaqt borligini inobatga olib, bir oy muddatga pullarni togʻasiga berib yubordi. Ammo aytilgan muddat kelsa ham, puldan darak yoʻq edi. Togʻasiga qoʻngʻiroq qilsa, ishlari yurishmay qolganini bahona qilib, ortga suraverdi. Shundan soʻng Salim akaning uyida mojaro boshlandi. Oqibatda togʻa-jiyanning orasidagi munosabat buzildi...

Avaz qattiq betob boʻlib qoldi. Er-xotin maslahatlashib, tijoratchi qoʻshnisidan jarrohlik amaliyoti uchun qarz koʻtarishdi. Oradan bir necha oy oʻtib, Avaz sogʻligʻini tiklab oldi. Faqat qarzni vaʼda qilgan muddatidan ancha kechikib toʻladi. Qoʻshnisi bu vaqt ichida pullarini aylantirib, falon soʻm foyda olgan boʻlishini aytib, zararni qoplashini talab qildi. Avaz bir amallab aytilgan pulni toʻladi. Lekin shundan soʻng qoʻshnichilik rishtalarini uzdi...

Muqaddas dinimizga koʻra, sadaqa berishdan koʻra qarz berishning savobi koʻproqdir. Chunki sadaqa va ehsonlar ixtiyoriy ravishda muhtojga ham, muhtoj boʻlmagan odamga ham berilaveradi. Ammo qarzni faqat muhtoj kishigina soʻraydi. 

Faqat qarz oldi-berdisining ham oʻziga yarasha tartib-qoidalari bor. Qonunchilikda qarz oldi-berdisini rasmiylashtirish shart qilib qoʻyilgan. Ammo oʻrtadagi ishonch, istihola tufayli ham­yurtlarimiz koʻpincha bu tartib-qoidalarga rioya qilmaydilar. Baʼzan buning uchun notarial idoraga borishga erinadilar. Keyin esa ayrim qarz berganlar afsus chekib yuradilar. Bizningcha, qarz munosabatlari oʻrtadagi oqibatga putur yetkazmasligi uchun barcha fuqarolar qonun doirasida ish tutgan maʼqulroq. Adolat bilan qilingan tadbir doimo xayrli boʻladi.

Ha, hayotda bunaqa holatlar uchrab turadi. Qarzni olishga olib, qaytarishga kelganda bundan tonib: «Guvohing yoki hujjating bormi?» deydigan qarindoshlar yoki qudalar ham yoʻq emas. Natijada qarindoshlik rishtalari uzilyapti, yosh oilalar buzilyapti. Hatto qarzini soʻrayotganlar ustidan «Mendan pul tama qilyapti» deb huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat etayotganlar ham bor. Natijada ayrim qarz beruvchilar oʻzining pulini olayotib, aybsiz aybdor boʻlib qolyapti.

Mulohazamiz bilan tanishib: «Qarz oldi-berdisi munosabatni buzar ekan» degan xulosaga kelmang. Biz bunday fikrdan yiroqmiz. Chunki moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan odamning hojatini chiqarishga nima yetsin. Faqat buni tilxat olib, qarz shartnomasi tuzib, guvohlar ishtirokida yoki notarial idora orqali, xullas, qonuniy tarzda amalga oshirgan maʼqul. Shunda qoʻl bilan berib, olarda oyoq bilan yugurmaysiz. Qolaversa, qarz koʻtaruvchi ham olmoqning bermogʻi borligini unutmasligi kerak. 

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.