Men ichki ishlar organlari kapitaniman. Oʻtgan yillar davomida hayotimda koʻp narsa oʻzgardi: ish joylari, formalar, shaharlar, unvonlar. Ammo bir narsa – sevimli gazetamiz – «Postda-На посту» doim yonimda boʻldi. U xizmatim boshidan to hozirgi kungacha men bilan birga. U shunchaki, navbatchilik xonasining burchagida yotmaydi, balki ongimda unvonlarimni nima uchun olganimni eslatib turgandek jaranglaydi. 

«Postda-На посту»ni birinchi marta kursantlik davrida oʻqiganman. U qandaydir ulugʻvor, yetuk narsaga oʻxshardi – baqirmaydigan, ammo soʻziga quloq solinadigan tajribali qoʻmondonning ovozidek edi. Keyinchalik, haqiqiy xizmat boshlanganida – oʻziga xos tashvish­lar, uyqusiz tunlar, murakkab qarorlar bilan hamkasblarim bu nashrni nima uchun qadrlashlarini tushundim. U sening kimligingni hech qachon unutmaydi. Haqiqatni yashirmaydi. Va har doim yolgʻiz emasligingni his qildiradi.

«Postda-На посту» – nashrdan koʻra koʻproq narsa. Uning har bir soni umumiy tariximizning bir sahifasi. Bu yerda profilaktika inspektorining kundalik hayoti ham, patrul-post xizmati xodimlarining jasorati ham, faxriylarning xotiralari ham bor. Bu yerda kitob­lardagi qahramonlar haqida emas, balki yomgʻirda, qorda, oʻq ostida, boshqalar uyda oʻtirganida xiz­mat vazifasini bajarayotganlar haqida yozishadi. 

U shunchaki eslab oʻtmaydi. Xodimning his-tuygʻularini, oila aʼzolarining fikrlarini, bolalarining u haqdagi gaplarini yetkazadi. Bu shunchaki xabar berish emas, balki hurmat koʻrsatish ramzi. Oilam bu nashrning har bir sonini intiqlik bilan kutadi. Turmush oʻrtogʻim har doim gazetaga koʻz yugurtiradi. Ayniqsa, xodimlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisidagi maqolalarga. Hatto oʻgʻlim goh-gohida: «Dada, siz haqingizda ham yozishadimi?» deb soʻrab qoladi. Men jilmayib qoʻyaman. Lekin ichimda shu lahzalarda bir his kechadi: «Kun kelib yozishadi!» 

Bugun gazetaning adadi bir necha oʻn minglab nusxada chop etilmoqda. U tashqi koʻrinishdan oʻzgardi, zamonaviylashdi, rang-barang boʻldi. Lekin eng muhim narsani – oʻquvchiga boʻlgan hurmatni saqlab qoldi. Unda hikoyalar, ocherklar, hatto hamkasblarimizning badiiy ishlanmalari ham chop etiladi. Bularning barchasi shunchaki ijod emas. Bu – xizmat. Bu qogʻozda mundir shaʼnini saqlab qolishdir. 

Men uchun gazeta kasbiy maktab rolini ham oʻynadi. Nashr tufayli sohadagi anʼanalar, safda, yonimda turgan odamlar haqida koʻp narsalarni angladim. Ovoz chiqarib soʻrashga uyalgan savollarimga undan javob topardim. U tufayli yozishni oʻrgandim – avval qisqa xabarlar, keyin navbatchilik amaliyotidan kichik lavhalar... 

Birlashgan tahririyatdan minnatdorman. Qilayotgan ezgu ishlari uchun. Haqiqatga sodiqlik uchun. Halollik va samimiylik uchun. Xizmat haqida gʻurur bilan, ammo dabdabasiz gapira olgani uchun. 

Bugun gazetaning 95 yilligi arafasida aytmoqchimanki, «Postda-Na postu» – bu qasamyodimizning bir qismi. Norasmiy, lekin juda shaxsiy. U har birimizning qalbimizda jaranglaydi. Sevimli nashrimizning umri uzoq boʻlsin. U bundan buyon ham navbatchilik qismida ham, uy sukunatida ham quloq solinadigan ovoz boʻlib qolsin. U bunga loyiq – postda turganlarning barchasi singari.

Azamat AHMATOV,

IIV Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti

Axborot xizmati bosh mutaxassisi, kapitan.