Avval xabar berganimizdek, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi IIV ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatining barcha shahar-tumanlarida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash va bu boradagi faoliyatni yanada jadallashtirish hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida oʻz oʻrganishlarini olib bormoqda.
IIV ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida barcha shahar-tumanlarda maxsus
tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Joylarda aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari viloyat va shahar-tumanlar ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda tanqidiy muhokama qilindi.
Yigʻilishda xizmat faoliyatida jiddiy kamchilikka yoʻl qoʻygan 33 nafar rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari belgilandi,
3 nafar xodimlar ichki ishlar organlaridan boʻshatildi, 11 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shu bilan birga, oʻz xizmat vazifalariga sidqidildan yondoshgan, namunali xizmat qilib, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan 11 nafar xodimlar ragʻbatlantirildi.
Viloyat Iibdagi boʻsh boʻlgan yigirmadan ortiq lavozimlar koʻp yillik tajribaga ega, yuqori malakali nomzodlar bilan toʻldirildi.
Yigʻilish davomida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatni bosqichma-bosqich toʻliq raqamlashtirish va “qizil” hududlarni
(ogʻir mahallalar, bozorlar, tirband koʻchalar) zamonaviy videokameralarning nazoratiga olish koʻlamini kengaytirish, bunda, Qarshi shahrida yangi barpo etilgan “Situatsion markaz”ga qoʻshimcha ravishda videokuzatuv moslamalarini integratsiya qilish orqali vaziyatni “onlayn” kuzatish va kuch-vositalarni masofadan turib boshqarish tizimini joriy etish, har bir mahallada xavfsiz muhitni yaratish borasida barcha profilaktika inspektorlarining anʼanaviy kunlik xizmat faoliyatini toʻliq “elektron shaklga” oʻtkazish ishlarini yanada jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va tergov qilish amaliyotidan kelib chiqib, bunday jinoyatlardan jabrlanish holatlariga barham berish boʻyicha yangi ish uslublarni ishlab chiqish boʻyicha vazir tomonidan kerakli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Joylardagi ichki ishlar organlarining jamoalarida muhitni sogʻlomlashtirish, shaxsiy tarkib tomonidan xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etilishi hamda fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish madaniyatini shakllantirish, shuningdek kasbiy bilimlarni oshirish boʻyicha IIV Akademiyasi va Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilarini jalb etgan holda alohida oʻquv kurslarini shu yilning yakuniga qadar tashkil etish belgilab qoʻyildi.
Oʻrganishlar davomida ichki ishlar organlarining kunlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish hamda kelgusida ularga qayta yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ishchi guruh aʼzolari har bir tuman-shaharga masʼul etib biriktirildi.
Viloyat IIB rahbariyatiga ichki ishlar organlarida ijrochilik intizomini tizimli ravishda nazorat qilish, uning ahvolini har haftada muhokama qilib, kamchilikka yoʻl qoʻyib kelayotgan yoki berilgan vazifani bajarishga loqaydlik bilan yondoshayotgan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash topshirildi.
IIV Ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatida qoʻshimcha ravishda oʻrganish va amaliy yordam koʻrsatish ishlari davom etmoqda.
