Viloyat hududida jinoyat sodir etganlikda aybli deb topilib, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni ushlab, jazoning muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikdagi “qidiruv” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davomida bir nechta shaxslar qoʻlga olindi. Jumladan, JKning 122-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan va qidiruv eʼlon qilingan, Olot tumanining “Qumkashon” mahallasida roʻyxatda turuvchi N.R. viloyat IIB PPX batalʼoni xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida ushlandi. Shu modda bilan aybli deb topilgan va jinoyat ishlari boʻyicha Vobkent tuman sudi tomonidan qidiruv eʼlon qilingan, tumanning “Nayman” mahallasida yashovchi R.D. tuman IIB Probasiya guruhi xodimlari olib borgan qidiruv tadbirida Samarqand viloyati Pastdargʻom tumani hududidan ushlab kelindi va 4-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan va tergov organidan yashiringan Buxoro shahar IIOFMB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan qidiruv eʼlon qilingan, Romitan tumani “Xosa” mahallasida roʻyxatda turuvchi X.S. Romitan tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari davomida, AQSh davlati Nʼyu York shahrida ekanligi aniqlandi.
“Qidiruv” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davom etmoqda.
A.ZAYNIYEV,
safdor.
Buxoro viloyati.
