Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Boyovut-1 mahallasida roʻyxatda turuvchi Yu.J.ga nisbatan joriy yilning 12 noyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudi tomonidan qidiruv eʼlon qilingan edi. U Buxoro shahar IIOFMB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “Qidiruv” tezkor profilaktik tadbirida qoʻlga olindi. Tadbir jarayonida Yu.J. ichki ishlar organi xodimiga 500 AQSH dollari pora berishni taklif qiladi. Katta tezkor vakil bu ishi jinoyat ekanligini har qancha tushuntirmasin, u taklifidan qaytmaydi.

Shundan soʻng, xodim Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi nomiga bildirgi yozadi. Uning bildirgisi asosida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati boʻyicha boʻlimi, Departamentning viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Mazkur tadbir Buxoro shahar IIOFMB 4-sonli IIB binosidagi xizmat xonasida tashkillashtirildi. Fuqaro Yu.J. tezkor xodimga 4 million 200 ming soʻm va 100 AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ushlanib, belgilangan tartibda hujjatlashtirildi.

Mazkur holat Yu.J.ga nisbatan JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.