Azat (ismlar oʻzgartirildi) oʻzining oʻttiz ikki yillik hayoti davomida ikki marotaba qilmishlari uchun jinoiy jazoga tortildi. Ammo bundan tegishli xulosa chiqarmadi, shekilli, yana jinoyatga qoʻl urdi.
Oldingi qilmishi uchun axloq tuzatish jazosini oʻtab yurgan Azat bir kuni «Facebook» ijtimoiy tarmogʻi orqali Sarvinoz ismli qiz bilan tanishib qoldi. Dastlab shunchaki tanishuv asnosida boshlangan munosabatlar keyinchalik doʻstlikka aylandi. Azat qizning ishonchiga kirishga ulgurgan, hatto turli masalalarda unga maslahatlar berib turardi. Onlayn muloqotlarning birida esa uddaburon yigit hali uylanmaganini, huquqni muhofaza qilish idoralaridan birida ishlayotgani tufayli bunga vaqt topa olmayotganini aytib, agar qandaydir «iltimos» va «muammolari» boʻlsa, bemalol hal etishga yordam berishini qistirib oʻtdi. Uning bu soʻzlari qizga oʻzgacha taʼsir qilib, ijtimoiy tarmoqda unga yanada bogʻlanib, deyarli har kuni gaplashadigan boʻlishdi.
Kunlardan birida Azat Sarvinozga xohlasa oliy taʼlim muassasasiga ishga joylashtirib qoʻyishini, buning uchun 1000 AQSH dollari miqdorida pul zarurligini taʼkidlaydi. Hatto ushbu pullardan 3 million 500 ming soʻmini olishga ham erishadi. Keyinchalik, ushbu masala hal boʻlmasdan turib, yana qizni aldashga kirishadi. Bu safar Sarvinozga jiyanini oliygohga oʻqishga kiritishga vaʼda berib, buning evaziga 15 mln soʻm pul talab qiladi, uning 7 millionini olishga ham ulguradi. Oradan yana maʼlum muddat oʻtgach esa, qizning 5 million soʻm pulini oʻzining bank plastik kartasiga oʻtkazib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Har qanday yolgʻon kuni kelganida fosh boʻlishi aniq. Azatning vaʼdalari ham vaqt oʻtgani sari yolgʻon ekani oydinlasha bordi. Shunda Sarvinoz uning xatti-harakatlari yuzasidan ichki ishlar organiga murojaat qildi...
Tergov jarayonlari va sud majlisi davomida Azatning aybi toʻliq isbotini topib, unga keltirilgan zararni toʻliq qoplash bilan birga, tegishli jazo chorasi tayinlandi.
Azamat PIRNIYAZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
