Jumladan, tumandagi «Doʻstlik», «Olmazor», «Duoba», «Shaffof» va «Muzrabot darvoza» mahallalari «qizil» toifaga kiritilgan. Ushbu hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish uchun hamkorlikdagi mutasaddi xodimlar tun-u kun xizmat qilishmoqda. 

– Mahallalarda ijtimoiy profilaktikani tizimli yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilayapti, – deydi tuman IIB JTSG katta inspektori, kapitan Qahramon Moʻminov. – Misol uchun, tumanning «Shaffof» mahallasida tungi oʻrganishlar olib borildi. Mahalla hududi­dagi koʻchalarni yoritish chiroqlari bilan taʼminlash, aholi turarjoylari va savdo nuqtalariga kameralar oʻrnatish choralari koʻrildi. Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha «mahalla yettiligi»ga vazifalar yuklatildi. Mahallada «Namunali xavfsiz koʻcha» va «Namunali xavfsiz yoʻlak»lar tashkil etilmoqda. 

Bundan tashqari, «Shaffof» mahallasi hududiga shaxsni tanib oluvchi va avtotransport vositalarining raqamini identifikatsiya qiluvchi 4 ta maxsus kamera oʻrnatildi. Aholi yashash xonadonlariga esa fav­qulodda holatda xabar berish uchun moʻljallangan «SOS» tugmalari oʻrnatilmoqda. 

«Qizil» toifadagi har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyilligi bor yoki bundan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar bilan individual tarzda suhbatlar olib borilayotir. Jarayonda fuqarolarning muammolari aniqlanib, ular boʻyicha mahalla faollariga profilaktika inspektorlari tomonidan 

47 ta xulosa berildi. Xususan, nizoli oilalarni yarashtirish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, oʻquv kurslariga jalb qilish choralari koʻrilyapti. Shuningdek, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etish va jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolari ham joylarda oʻrganilib, bartaraf etilmoqda. 

Feruza Rahmonqulova,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.