Buxoro viloyatidagi kriminogen vaziyati ogʻir, qizil toifaga kirgan mahallalarda keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Viloyat IIB masʼullaridan tashkil etilgan yigʻma otryad joylarda qator tadbirlar oʻtkazib kelishmoqda. Yigʻma otryadi Gʻijduvon tumanida ikki kunlik navbatdagi oʻrganish ishlarini olib borishdi.

Otryad aʼzolari avvalo tuman boʻylab, jamoat tartibni saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarningg oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni oʻtkazdi. “Qizil toifa”ga kirgan 18 ta mahallalarda oʻtkazgan “Xavfsiz hudud” maxsus tezkor-tadbirlari shular jumlasidandir. Tadbirlarga viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan 71 nafar masʼullar biriktirilgan boʻlib, jami 160 dan ortiq huquq-tartibot idoralari xodimlari, jamoatchilik vakillari faol qatnashdi.

  Tadbirlar davomi 3 mingdan ortiq xonadon, 65 ta korxona va tashkilot, 152 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obʼektlari sharoiti oʻrganildi. Shuningdek, ular bilan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi. Bundan tashqari, koʻchalarda bemaqsad yurgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil 44 nafar shaxslar ichki ishlar organlari tayanch punktlariga olib kelinib, ular bilan tezkor-profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. 

Profilaktik tadbir davomida 20 nafar ov quroliga ega boʻlgan fuqarolarning ov qurolini saqlash, olib yurish va undan foydalanish qoidalariga amal qilishlari tekshirildi. Shundan toʻrt nafar fuqaroga nisbatan ov qurolini roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganligi uchun maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mahallalarda, koʻchalarda, korxona va tashkilotlarda 106 marotaba targʻibot yigʻilishlari oʻtkazildi. Oʻzgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish boʻyicha 35 dan ortiq velosiped hamda 60 ga yaqin chorva mollari egalaridan oʻz mulklarini qarovsiz qoldirmaslik toʻgʻrisida tilxatlar olindi. Firibgarlik, oʻgʻirlik, yoʻl transporti hodisalari, tan jarohati bilan bogʻliq oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarni bartaraf etish boʻyicha jami 8700 dan ortiq bukletlar tarkatildi.

Joriy yilning may oyida sodir etilgan jinoyat holatlari sektor rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida keng muhokama kilindi. Milliy gvardiya Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda koʻp qavatli uylar, savdo shoxobchalari va noturar joy obʼektlarini “qoʻriqlov pulti”ga ulash yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlari ham olib borildi. Tadbir davomida 3 nafar fuqarolarning savdo obʼektlari va xonadonlari qoʻriqlov pultiga ulandi. 

Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 3 nafar fuqaroga “Himoya order”lari ham rasmiylashtirildi. Profilaktika inspektorlari hisobidagi muqaddam sudlangan hamda sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslar tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi.

Shuningdek, 14 ta nizoli va janjalkash hamda 1 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning yashash sharoiti va maishiy muammolarini bartaraf etish choralari koʻrildi. Xususan, 27 nafar uzoq muddatga chiqib ketgan shaxslar yashash joylarida batafsil oʻrganilib, yaqin qarindoshlari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Bundan tashqari, Yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha 55 ta avtomashina qarzdorligi boʻyicha jarima maydonchalariga joylashtirildi hamda jarimalar undirildi, 91 ta avtomobillar tekshirilib, haydovchilarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Tuman Ichki ishlar boʻlimi Probasiya guruhi hisobida turgan 613 nafar nazorat ostidagi shaxslardan 95 nafari bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Tuygʻun AShUROV,

mayor.

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.