Kapitan Saydullo Yoʻldoshev 2015-yilda IIV Akademiyasini tamomlab, ilk xizmatini Chust tuman IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimida boshlagan. Soʻng Toʻraqoʻrgʻon tumani IIB da ishladi. 2022-yilda viloyat IIB JXX YHXB Qidiruv surishtiruv boʻlinmasiga ishga oʻtdi. Hozirda Davlatobod tumani IIB JXX YHXG maʼmuriy huquqbuzarlik materiallarini koʻrib chiqish boʻyicha katta inspektori sifatida faoliyat olib boradi. Lavhamiz qahramoni 2024-yil 23-dekabr kuni «Shishaki» mahallasi hududida tungi xizmatga jalb etilgan vaqtda «Lacetti» rusumli transport vositasini toʻxtatib, tegishli hujjatlarni taqdim etilishini soʻraganda haydovchining mast holatda ekani aniqlandi.
Inspektor qoidabuzarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirildi. Shundan soʻng fuqaro kapitan S.Yoʻldoshevga oʻziga nisbatan toʻplangan hujjatlarni sudga yubormasdan, ijobiy hal qilib berish evaziga
100 AQSH dollari miqdorida pora taklif qildi. Inspektor unga bu ishi qonunga xilof ekanini tushuntirdi. Lekin qoidabuzar tushunishni istamadi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Davlatobod tumani IIB binosi oldida kapitan S. Yoʻldoshevga 2 mln
755 ming soʻm miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
