Yaqinda Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida kuchli taʼsir etuvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Jumladan, Chirchiq shahri hududida olib borilgan ana shunday saʼy-harakatlar davomida xaridorga 19 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dorini sotayotgan Shavkat (ismlar oʻzgartirilgan) daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.
Oʻtkazilgan surishtiruv ishlari natijasida, ushbu kimsa, mazkur psixotrop vositalarni Azamat ismli tanishidan olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davomida 110 dona shu nomdagi dorilarni pullayotgan bu shaxs ham uni dori bilan taʼminlab kelayotgan Orifjon ham 2 ming 800 dona “Regapen”ni sotayotganida ushlandi.
Shunday qilib, toʻrt kun davom etgan tezkor-qidiruv ishlari samarasi oʻlaroq, 200 million soʻmga teng boʻlgan kuchli taʼsir etuvchi dori vositalari muomaladan olib qoʻyildi.
Oʻz muxbirimiz.
